Kursk oblastida Rossiya harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari Mixail Gudkov halok bo‘ldi, deb xabar berdi Primore o‘lkasi gubernatori Oleg Kojyemyako.
O‘z vaqtida Mixail Gudkov qo‘mondonlik qilgan 150-brigadaning bazasi aynan Uzoq Sharqdagi ushbu o‘lkada joylashgandi va Kojyemyako u bilan yaqindan tanish bo‘lgan.
Kojyemyakoning so‘zlariga ko‘ra, Gudkov «polkdoshlari bilan birga zobitlik burchini bajarish chog‘ida» halok bo‘lgan. Gubernator u bilan birga halok bo‘lganlar qatorida ofitser Nariman Shixaliyevni ham sanab o‘tgan. Kojyemyako Gudkov va quroldoshlarining o‘limi tafsilotlari va bu qachon ro‘y berganiga aniqlik kiritmagan.
RF mudofaa vazirligi Gudkovning o‘limini tasdiqlagan. Vazirlikka aloqador «Zvezda» kanalida berilgan xabarda aytilishicha, Gudkov «2 iyul kuni Kursk oblastining chegara hududlaridan birida jangovar vazifalarni bajarish chog‘ida halok bo‘lgan».
Ukrainadagi telegram-kanallar va nashrlar (xususan, «RBK-Ukraina») Gudkov «yo‘q qilingani» haqida yozgan, shu kunlarda u va uning safdoshlari o‘limi haqida rossiyalik propagandachilar ham xabar bergandi. Ayrim telegram-kanallarga ko‘ra, Gudkov boshqa 10 dan ortiq ofitser bilan birga Korenevo rayonida, chegara yaqinidagi qo‘mondonlik punktiga Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llangan zarba qurboni bo‘lgan, ammo bu qachon ro‘y berganiga aniqlik kiritilmagan.
Dengiz piyodalarining «Tayfun» jamoat tashkiloti tomonidan e’lon qilingan nekrologda aytilishicha, Ukraina qurolli kuchlari 2025 yil 2 iyul kuni 155-dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondonlik punktiga raketa zarbasi yo‘llagan. Korenevoda oldingi chiziqdagi punktga to‘rtta raketa kelib tushishi oqibatida 10 dan ortiq kishi, jumladan, Gudkov va yana bir necha katta ofitserlar halok bo‘lgan.
General-mayor Mixail Gudkov Tinch okeani flotining 155-alohida gvardiyachi dengiz piyodalari brigadasi qo‘mondoni edi. Joriy yil 28 martida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Gudkovni Harbiy-dengiz floti bosh qo‘mondoni o‘rinbosari etib tayinlagandi. «Barcha dengiz piyodalari o‘zlarini eng yaxshi tarzda ko‘rsatayotganiga qaramay, barcha bo‘linmalarni siz 155-brigadani olib kelgan jangovar tayyorgarlik va samaradorlik darajasiga yetkazish kerak», — degandi Putin «Arxangelsk» atom suv osti kreyseri dengizchilari bilan muloqot chog‘ida.

Ukrainaga bosqinning ilk davrida 155-dengiz piyodalari brigadasi Kiyev atrofidagi harbiy harakatlarda ishtirok etgan. Keyinroq brigada Mariupol shturmida ham qatnashgan. U Kursk oblastining Sudja shahrini qaytarib olish uchun janglarda jiddiy yo‘qotishlarga uchragandi.
















