Iyun oyi oxirida Yekaterinburgda ozarboyjonliklarga qarshi uyushtirilgan reyd vaqtida ikki ozarboyjonlik – aka-uka Husayn va Ziyaddin Safarov vafot etganidan keyin Bokuda kamida 10 nafar rossiyalik qo‘lga olindi. Huquq-tartibot organlari xodimlari qo‘lga olinganlarni g‘oz bo‘lib yurishga majburlab, yerga yotqizgani va avtozakka tiqayotgani aks etgan sahnalashtirilgan video mahalliy mediada keng tarqaldi. Ozarboyjon IIV versiyasiga ko‘ra, qo‘lga olingan rossiyaliklar – Eron orqali giyohvand moddalarni tranzit qilish va onlayn tarqatishda, shuningdek, kiberjinoyatchilik bilan shug‘ullangan ikki jinoiy guruh a’zolaridir. 1 iyul kuni kechqurun Bokudagi sud sakkiz rossiyalikni hibsga olish haqida qaror chiqardi. Sud zalida olingan kadrlardan sudlanuvchilar qattiq kaltaklanganini bilish mumkin: ulardan birining yuzida qon qotib qolganining, boshqalarining yuzi – ko‘kargani va qontalash bo‘lganini ko‘rish mumkin. Oldinroq qo‘lga olingan ikki rossiyalik bilan nima bo‘lgani noma’lum. Rossiyadagi jurnalistlar sud zaliga olib kelinganlardan yetti nafarining shaxsini aniqlagan.

Anton Drachev, 41 yosh. IT-tadbirkor. Drachev hibsga olinganini uning onasi tasdiqlagan. Drachev Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetida shuningdek, Oliy iqtisodiyot maktabi va Drezden amaliy fanlar universitetida tahsil olgan. U Red Star Asset Management hedj-fondida IT-dasturlash bo‘limini boshqargan va 2017 yilda o‘zining Airo startapiga asos solgan – bu maishiy xizmatlar ijrochilari va mijozlarini oflayn rejimda bog‘laydigan platforma. 2021 yilda Ms venchur fondi kompaniyaning qariyb 10 foiz ulushini sotib olgan, hozirda operator 17,33 foiz ulushga ega. Drachev muntazam ravishda Ozarboyjonga safar qilib keladi – 2022 yil oxiridan 2023 yil sentabrigacha u mamlakatga 10 martadan ko‘proq tashrif buyurgan. O‘tgan davrda u bir marta Rossiyadan Eronga ham uchgan.

Dmitriy Bezugliy, 30 yosh. Peterburgdagi Aniq mexanika va optika instituti (ITMO) bitiruvchisi, VK va «Yandeks»da dasturchi bo‘lib ishlagan, 2022 yil sentabrida Rossiyada safarbarlik e’lon qilinganidan keyin mamlakatni tark etgan. Jurnalistlar aniqlashicha, telegramda Bezugliy relokatsiya, frontend-dasturlash va IT-startaplar bo‘yicha ko‘plab chatlarda o‘tiradi.

Sergey Sofronov, 23 yosh. Sofronovning hibsga olinganini qarindoshlari tasdiqladi. U Cherepovsdan bo‘lgan dasturchi. 2020 yilda litseyni tamomlab, Kaliningradga ayti mutaxassisligi bo‘yicha o‘qish va bolalarga dars berish uchun jo‘nab ketgan. 2022 yilda Rossiyadan avval Qozog‘istonga, keyin esa Ozarboyjonga borgan.