O‘zbekistonda tadbirkorlar xorijdan muzlatkich va sovitkichlarni olib kirishda muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda 27 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi o‘tkazgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston prezidentining shu yil 18 apreldagi farmoniga asosan, 1 maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, ularni shakllantirish va hisobga olish axborot tizimi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.
Shunga qaramay, Alkogolsiz ichimlik va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) ijrochi direktori Alfiya Musinaning aytishicha, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi “farmonni ijro etish mexanizmlari hali ishlab chiqilmagan” degan vaj bilan vitrina sovutkichlarni bojxonadan o‘tkazishga ruxsat bermayapti.
“Bugungi kunda sertifikatni bekor qilish va xalqaro amaliyotga o‘tish talabiga, xususan, ishlab chiqaruvchidan muvofiqlikni deklaratsiya qilish talabiga qaramay, afsuski, ishlab chiqaruvchilar tomonidan O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznesga bepul foydalanish uchun olib kirilayotgan vitrina sovutkichlari sertifikatlashdan o‘tmayapti. Tovar 3 oydan ortiqroq vaqtdan beri ushlab turilibdi”, – dedi Musina.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan vitrina sovutkichlari har doim ham biznesning barcha talablariga javob bermaydi. UzBev ijrochi direktori muammo yechimi borasida yordam so‘radi.

Ochiq muloqotning boshqa bir ishtirokchisi, muzqaymoq ishlab chiqaruvchi tadbirkorning ma’lum qilishicha, 8 oydan buyon bojxona omborida turib qolgan muzlatkichlar bilan ham shunday muammo yuzaga kelgan.
“Bular 3 oy deyishyapti. Bizning muzlatkichlarimiz esa 8 oydan beri turibdi, olib chiqolmayapmiz. Omborda turibdi. Do‘konlar muzqaymog‘imizni sotishi uchun muzlatkichlarni tekinga beramiz. Bu masalada yordam berishingizni so‘raymiz”, – dedi u.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov “prezident kerakli qarorni imzolab bergani, lekin pastdagi tizimda bunaqa bo‘layotgani uchun kerakli idora javob berishi”ni aytdi.









