Hujjat bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga pasport tizimi va bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun jarimalar miqdorini yumshatish yoki aniqlashtirish nazarda tutilgan bir qator o‘zgartirishlar kiritildi.
MJtKning 223-moddasiga quyidagicha o‘zgartirish kiritildi:
O‘zbekiston fuqarosining pasport yoki ID-kartasiz yashashi yoki ularning muddati tugagan va yangisiga almashtirilmagan variantidan foydalanishi BHMning yarim baravari (187,5 ming so‘m) miqdorda jarimaga sabab bo‘ladi (avval yarimdan 3 BHMgacha). Ushbu qoidabuzarlik bir yil davomida takrorlansa, 3 BHM (1,125 ming so‘m) miqdorida jarima belgilanadi (5 BHM edi).
Xuddi shu tartib mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning ID-kartasiz (yashash guvohnomasisiz) yoki muddati o‘tgan ID-karta bilan yashashi bo‘yicha ham qo‘llanadi.
O‘zbekiston fuqarosining pasporti, ID-kartasi yoki xorijga chiqish pasportini, mamlakatda doimiy yashovchi xorijlik yoki fuqaroligi yo‘q shaxsning ID-kartasi yoki harakatlanish hujjatini yaroqsizlantirish yoki yo‘qotib qo‘yishi 1 BHM (375 ming so‘m) miqdorida jarima bilan jazolanadi (yarimdan 3 BHMgacha edi).
Shu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgan bo‘lsa, 5 BHM (1,875 million so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston fuqarosining, mamlakatda doimiy yashovchi chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashashi, 3 BHM (1,125 ming so‘m) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi (avval yarimdan 3 BHMgacha).
Huquqbuzarlik bir yil davomida takror sodir etilsa, jarima 5 BHM (1,875 million so‘m) miqdorida bo‘ladi.
O‘zbekistonda yashashiga ruxsat berilgan chet el fuqarolari yoki fuqaroligi yo‘q shaxslar hujjatsiz yoki ro‘yxatga olishsiz yashaganda, avvalgidek, 5 BHM, takroriysida 10 BHM miqdorida jarima solinadi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223−3-moddasiga ko‘ra, pasport yoki shaxsiy guvohnomani garovga o‘tkazganlik uchun jarima 2 BHMga (ilgari 10 dan 15 BHMgacha edi) tushirildi.
Pasport yoki shaxsiy guvohnomani noqonuniy olib qo‘yish uchun jarima 10 BHM (ilgari 10 dan 15 BHMgacha) bo‘ladi.















