Muloqot chog‘ida O‘zbekiston va Bahrayn o‘rtasida xavfsizlik sohasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va tajriba almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari xususida fikr almashildi.

Bahrayn ichki ishlar vaziri ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar qadim tarixga ega ekanini, ularni yaqin madaniyat, urf-odat va o‘xshash an’analar bog‘lab turishini bildirdi.

Suhbat chog‘ida ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida hamkorlik aloqalarini har tomonlama sifat va mazmun jihatidan boyitish muhimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, tomonlar Bahrayn ichki ishlar vaziri boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish, ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida maslahatlashuv kengashini tuzish, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash, narkotik moddalarni noqonuniy savdosini oldini olish va jamoat tartibini saqlash yo‘nalishlarida tajriba almashish, xodimlar uchun qisqa muddatli o‘quv kurslarini tashkil etish va boshqalar xususida fikr almashdi.

Bo‘lib o‘tgan uchrashuv yakunida O‘zbekiston elchixonasi va Bahrayn ichki ishlar vazirligi o‘rtasidagi muloqotni davom ettirish to‘g‘risida kelishib olindi.