Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 6-oktabrdagi 539-son qarori bilan odam savdosidan jabrlangan şaxslarning ehtiyojlarini aniqlaş va ularga ijtimoiy xizmatlar körsatiş böyiça maʼmuriy reglament tasdiqlandi.
Hujjat odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan hamda jabrlangan deb rasman tan olingan şaxslarni qamrab oladi. Ularga xizmatlarni «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari va ixtisoslaşgan muassasalar körsatadi.
Yordam sörab qayerga murojaat qiliş mumkin?
Ijtimoiy xizmatlardan foydalaniş uçun «Inson» markaziga, ixtisoslaşgan muassasaga, mahalladagi ijtimoiy xodimga yoki Ijtimoiy himoya milliy agentligining 1146 qisqa raqamli işonç telefoniga murojaat qiliş mumkin.
Reglamentga köra, murojaat qiliş muddatlari quyidagiça:
- odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan şaxs sifatida eʼtirof etilgandan keyin - bir oy içida;
- odam savdosidan jabrlangan deb tan olingandan keyin - bir yilgaça.
«Inson» markazlari yordam söragan şaxs va uning oila aʼzolarining ijtimoiy-iqtisodiy holati hamda xizmatlarga ehtiyojini bir iş kuni içida baholaydi.
Hujjati yöqlar ham yordamsiz qolmaydi
Şaxsini tasdiqlovçi hujjati bölmagan Özbekiston fuqarolari, çet el fuqarolari va fuqaroligi bölmagan şaxslarga ham belgilangan tartibda xizmat körsatilişi nazarda tutilgan.
Hujjatlari rasmiylaştirilgunga qadar ularga şoşilinç tibbiy yordam olişda kömaklaşiş, psixologik va huquqiy xizmatlar körsatiş mumkin. Şuningdek, hujjatlarni tiklaşga yordam beriladi va ixtisoslaşgan muassasalarda kasbga öqitiş kurslariga jalb etiladi.
Boşpana bilan birga davolaniş va kasb örganişga kömak beriladi
Ixtisoslaşgan muassasalarga joylaştirilgan şaxslar 6 oygaça xavfsiz boşpana, oziq-ovqat va gigiyena vositalari bilan taʼminlanadi. Reabilitatsiya davrida zarur tibbiy xizmatlar tegişli hududdagi tibbiyot muassasalari tomonidan bepul körsatiladi.
Har bir jabrlanuvçining holati ijtimoiy xodim, huquqşunos va psixolog iştirokida baholanib, yakka tartibdagi reabilitatsiya dasturi işlab çiqiladi.

















