O‘zbekiston milliy jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov yangi mavsumni Turkiya chempionatida ijara asosida o‘tkazadi. «Roma» uni «Istanbul Bashakshehir» klubiga ijaraga berdi. Shuningdek, shu paytgacha Rossiyaning TsSKA klubida to‘p surib kelgan Abbos Fayzullayev ham aynan shu klubga o‘tmoqda. Yevropaning bir klubida o‘zbekistonlik ikki futbolchi jamoadosh bo‘lishi noyob holat, shu sababli quyida ushbu klub haqida batafsil ma’lumot berib o‘tiladi. Zero, o‘zbekistonlik muxlislar uchun Turkiya klublari tanish bo‘lsa-da, «Istanbul Bashakshehir» haqida boshqa grantlar bilan solishtirilganda ma’lumot kamroq.

Tarixi, tashkil etilishi

Klub nisbatan ancha yosh, 1990 yilda Istanbulning Buyukshehir tumanida tashkil etilgan. Aytish kerakki, klub tuzilmasi ko‘proq sobiq ittifoq jamoalari tizimini eslatib yuborardi. Ya’ni klub mutlaqo davlatniki bo‘lib, futbolchilar hokimiyatning turli tuzilmalariga ishga joylashtirilar va o‘sha yerdan ularga maosh to‘lanardi. Jamoa asosan quyi ligalarda ishtirok etgan, futbol muxlislarining aksariyatida bunday jamoa mavjudligidan ham xabari yo‘q, o‘yinlarga ham asosan davlat xizmatchilari tomoshabin sifatida jalb qilinardi.

2007 yilga kelib jamoa birinchi ligada 2-o‘rinni qo‘lga kiritadi va Superligaga yo‘llanma oladi. Superligadagi dastlabki olti yillik davrda asosan pastki o‘rinlarda yurdi va eng esda qolarli voqea sifatida 2010/11 yillar mavsumida jamoa mamlakat kubogi finaliga chiqqanini aytish mumkin. O‘shanda finalda «Beshiktosh»ga munosib qarshilik ko‘rsatilgan va faqat penaltilar seriyasidagina imkoniyat boy berilgandi. 2012/13 yillar mavsumida jamoa Superligani tark etadi, ammo keyingi yil birinchi ligada g‘olibi sifatida yana elitaga qaytadi.

Ikkinchi davr. Islohot. Erdo‘g‘an bilan aloqalar

2014 yilda Turkiya hukumati futbol klublarini xususiylashtirishga e’tibor qarata boshladi va «Istanbul BB» (Buyukshehir Belediyesi) ham birinchilardan bo‘lib hokimiyatdan uzilib, «Istanbul Bashaqshehir» nomi ostida qatnasha boshladi. Klubi logotipi ham o‘zgardi, yangi homiylar paydo bo‘ldi.

Aytish kerakki, turk futboli «yangi jamoani» unchalik iliq kutib olmadi. Sababi, go‘yoki klub baribir hukumat loyihasidek tasavvur uyg‘otar, bunday o‘ylash uchun asoslar ham yetarlicha edi.

Birinchidan, o‘sha 1990 yilda klub paydo bo‘lganida shahar meri Rajab Toyyib Erdo‘g‘an edi. Bu ham go‘yoki mamlakat rahbarini klub asoschilaridan biri sifatida namoyon qiladi. Keyinchalik klubga Erdo‘g‘anning qarindoshi bo‘lgan shaxs rahbarlik qilishi, biriktirilgan homiylar ham asosan hukumatdagi partiya a’zolari ekani, 2014 yilda yangi stadion ochilishida bevosita Erdo‘g‘an ham mehmon bo‘lib, 12-raqamda maydonga tushgani va shu raqam butunlayga unga band qilingani ham bu fikrni dastaklardir. Hatto futbol jamoatchiligida klubni «Erdo‘g‘an FK» deb atash urf bo‘ladi.