Samarqand shahrining yoshi 3 ming yil deb qayta baholanadi. Bu haqda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasida qaror qabul qilindi, deb xabar berdi O‘zA.
Qayd qilinishicha, Samarqand shahrining yoshiga aniqlik kiritishga mas’ul guruh Afrosiyob va Ko‘ktepa yodgorliklarida, hozirgi Ko‘ksaroy maydoni o‘rnida bo‘lgan Amir Temur arkida fanlararo tadqiqot usullarini qo‘llash orqali kompleks qazuv ishlarini amalga oshirgan.

– Samarqandning qadimiy o‘rni va yoshini o‘rganish 150 yildan ortiq vaqtdan buyon davom etib, shahar dastlab bundan 1500 yil oldin, keyinchalik 2000 ming yil, 1970 yilda 2500 yil oldin shakllanganligi borasida xulosa qilingan edi – dedi sessiyada so‘zga chiqqan Camarqand Arxeologiya instituti direktori Mo‘minxon Saidov. – 2000 yillarda esa O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi yangi ma’lumotlarni aniqladi va Samarqand yoshi 2750 yil deb tasdiqladi. Lekin bu ham yakuniy xulosa emas va shuning uchun shaharning xronologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar keyingi yillarda ham davom etib kelmoqda. Xususan, joriy yildagi qazishma ma’lumotlari Samarqand shahridan 25 kilometr uzoqlikdagi Ko‘ktepa yodgorligida 1993-2006 yillarda olib borilgan qazishma ishlarining tahlili asosida mutaxassislar tomonidan yangi qarashlar shakllanishiga turtki berdi.
O‘zbekiston – Fransiya qo‘shma ekspeditsiyasi a’zolari M. Isomiddinov, Klod Rapen hamda M. Hasanov tomonidan shu vaqtga qadar Ko‘ktepa va Afrosiyobda topilgan materiallarni qayta tahlil qilish orqali Samarqand shahrining shakllanish davri 3 ming yilga teng ekani borasida fikr ilgari surilmoqda. Qayd qilinishicha, miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida, ya’ni bundan 3 ming yil oldin bu yerda hokim qarorgohi va ibodatxonani o‘z ichiga olgan yirik shahar shakllangan.
Sessiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Samarqand arxeologiya instituti va xalqaro hamkor tashkilotlar tomonidan olib borilgan tadqiqotlar natijalari bo‘yicha Samarqand shahrining ilk urbanizatsiyasi miloddan avvalgi II minginchi yillik oxiri va I minginchi yillik boshiga taalluqli ekani haqidagi taqdimot materiallarini ma’lumot uchun qabul qilish, Afrosiyob va Ko‘ktepa hududlarida olib borilgan arxeologik qazishmalar natijasida topilgan osori-atiqalar, ilmiy ma’lumotlar va hujjatlarni tegishli vazirlik va idoralarga taqdim etish bo‘yicha qaror qabul qilingan.









