Hakerlar hujumi tufayli reyslar ommaviy ravishda bekor qilingan «Aeroflot»da 29 iyul kuniga kelib jadval barqarorlashtirildi. Aviakompaniya serverlariga 28 iyul kuni hujum uyushtirilgandi, natijada «Aeroflot»da bir kunda 108 ta reys (deyarli 42 foiz) bekor qilindi, ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, aviakompaniya reyslar bekor qilinishining o‘zi tufayli taxminan 259 million rubldan quruq qolgan. 29 iyul kuni ertalab, «Interfaks» hisob-kitoblariga ko‘ra, «Aeroflot»ning yana 53 ta reysi bekor qilingan. Keyinroq aviatashuvchi izoh berib, faqat ayrim reyslar bekor qilingani va jadval allaqachon tiklanganini ma’lum qildi.
«Aeroflot»ga uyushtirilgan kiberhujum uchun javobgarlikni Ukrainadagi Silent Crow va Belarusdagi «Kiberpartizanlar» hakerlik guruhlari o‘z zimmasiga oldi. Silent Crow ortida kim turgani noma’lum. Ushbu guruh bungacha 2025 yil yanvar oyida Rosreyestr va «Rostelekom»ni buzib kirganlik uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olgandi. Har uchala hujum ham Rossiyaning yirik davlat tuzilmalariga qarshi qaratilgan bo‘lib, hakerlar pul talab qilmagan va qo‘lga kiritilgan ma’lumotlarni ochiq e’lon qilgan, bu esa ularning harakatlari siyosiy motivatsiyadan kelib chiqqanini ko‘rsatadi.
«Kiberpartizanlar» – 2020 yilda Aleksandr Lukashenkoga qarshi norozilik namoyishlari chog‘ida o‘rtaga chiqqan belaruslik anonim hakerlar guruhi. O‘tgan besh yil ichida «Kiberpartizanlar» Belarus (televideniyeda namoyishchilarni kaltaklash videolari namoyish etildi, davlat organlarining ma’lumotlar bazalaridan ma’lumot sizdirildi, KGBga chaquvlar fosh etildi) va Rossiya (Sankt-Peterburgdagi xususiy dron ishlab chiqaruvchisi, shuningdek, Roskomnadzorning Bosh radiochastota markazi tizimlariga kirishdi) hukumatlariga qarshi bir qator aksiyalar o‘tkazdi.

Foto: «Kiberpartizanlar»
Silent Crow «Aeroflot»ga yetkazilgan zararni «strategik» deb atadi. Hakerlar ta’kidlashicha, ular taxminan bir yil davomida aviakompaniyaning tarmoqlarida bo‘lishgan va infratuzilma yadrosigacha kirib borishgan, parvozlarning to‘liq tarixini (shu jumladan yo‘lovchilar haqidagi ma’lumotlarni) qo‘lga kiritishgan, xodimlarning kompyuterlarini nazorat ostiga olishgan va ularning suhbatlari yozuvlarini yuklab olishgan. Hammasi bo‘lib 22 terabayt ma’lumot olindi va yetti mingta server yo‘q qilindi. Infratuzilmani tiklash «Aeroflot»ga o‘nlab million dollarga tushishi mumkin, dedi hakerlar. Ular hujumni «[Rossiya] repressiv apparatining barcha xodimlariga siyosiy murojaat» deb atashdi.


















