Kecha Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda shov-shuvli voqea sodir etildi. Yo‘q, okopda emas, frontning hech bir chizig‘ida ham emas. Bir guruh hakerlar Rossiyadagi eng yirik aviakompaniya «Aeroflot» tizimini buzib kirib uni ishdan chiqarishdi. Bir necha daqiqa ichida Rossiya aeroportlarida chinakam xaos boshlandi.

Kompaniya qisqa vaqt ichida yuzdan ortiq ichki va xalqaro reyslarni bekor qildi. Oqibatda aeroportdagi bolalar betoqat bo‘lib yig‘ladi, homilador ayollar azob chekdi, qariyalar holdan toydi, xullas minglab rossiyaliklar jabr ko‘rdi. «Buning urushga nima aloqasi bor?», demang, urush bo‘lmaganda, bunaqa hakerlik hujumi ham bo‘lmasdi. Quyida shu haqda.

Partizan hakerlar

Hujum uchun javobgarlikni belaruslik «Kiberpartizanlar» va Silent Crow guruhlari o‘z zimmasiga oldi. Ular hakerlik hujumini Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush sabab amalga oshirganini aytgan. Hakerlar «Aeroflot»ning barcha xodimlari yozishmalariga kirish imkoniga ega bo‘lib yo‘lovchilar ma’lumotlarini qo‘lga kiritadi.

Silent Crow hakerlarining aytishicha, ular bir yil davomida «Aeroflot» korporativ tizimiga kirib, barchasini kuzatib borgan. Natijada xodimlar personal kompyuterlariga kira olishgan, hatto yuqori martabali mulozimlar qurilmalariga. Tinglash serverlaridagi fayllarni ko‘chirib olib, umumiy 22 terabayt ma’lumotni qo‘lga kiritishgan, yetti mingta server ishdan chiqqan. Hakerlar tez orada bu ma’lumotlar e’lon qilinishini bildirdi.

Silent Crow guruhi bungacha Rosreyestr, «Rostelekom», Belarus pasport tizimi kabi tashkilotlarga hujum qilgan. «Kiberpartizanlar» esa Belarus KGB saytiga hakerlik hujumi qilgan.

Uch yil o‘zgarmagan parol

Ma’lum bo‘lishicha, «Aeroflot»da Windows XP'ning eskirgan versiyasi va Windows 2003 operativ tizimini ishlatishgani buzib kirishni osonlashtirgan. Kompaniya bosh direktori Sergey Aleksandrovskiy esa uch yildan buyon parolni o‘zgartirmagan. «Aeroflot»dagilar hakerlar ishchi chatlarda bir yil davomida bo‘lganini sezishmagan ham. Bu shov-shuv fonida tarmoqda «Aeroflot» axborot xavfsizlik bo‘yicha katta mutaxassisi atigi 120 ming rubl (1400 dollar) maosh olgani haqida xabarlar tarqaldi.

Chegarasiz front

Endi bu voqeaning urushga qanday aloqasi borligi haqida. Hakerlik hujumidan «Aeroflot» oshib borsa 10-12 million dollar zarar ko‘rdi. Reyslar bekor qilingani esa kompaniyaga 250 million rublga tushgan. Rossiyadagi eng yirik aviatashuvchi uchun bu katta pul emas. Lekin bir necha soatlik hujum vaqtida minglab rossiyaliklar zarar ko‘rgani asosiy masala.