O‘zbekiston | 13:51 / 02.08.2025
1684
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston orqali maxsus yuklar va harbiy tarkiblar tranziti uchun ruxsatnoma muddati 90 kun etib belgilanadi

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan “Maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti to‘g‘risida”gi qonunga tranzit ruxsatnomasining amal qilish muddati ko‘pi bilan 90 kun etib belgilanmoqda.

Shuningdek, amaldagi qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida tranzit ruxsatnomasini berish yoki uni berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza olingan kundan e’tiboran yigirma kundan oshmaydigan muddatda qabul qilinishi nazarda tutilmoqda, mazkur muddatni uzaytirishga asos bo‘luvchi holatlar hamda uzaytirish mumkin bo‘lgan muddat chegarasi aniq belgilab qo‘yilmoqda.

Bundan tashqari, qonun bilan “Aholini va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga ham tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan qonunning qabul qilinishi maxsus yuklar va harbiy tarkiblarning tranziti hajmini oshirishga, aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid