Rossiya kuchlari Xarkiv viloyatining Lozovaya shahriga zarba berdi. Oqibatda muhim infratuzilma, ko‘p qavatli uylar va xususiy sektor zarar ko‘rdi, dedi shahar ma’muriyati raisi Sergey Zelenskiy 5 avgust, seshanba kuni ertalab. Uning so‘zlariga ko‘ra, otishma natijasida yaralanganlar bor, jumladan ikki yosh bola.
«Lozovaya urush boshlanganidan beri eng katta hujumni boshdan kechirdi», dedi Zelenskiy. «Qutqaruvchilar, shifokorlar, shoshilinch tibbiy yordam ishlamoqda. Oqibatlarni qayd etmoqdamiz. Suv ta’minotini tiklayapmiz. Shaharning bir qismi, xususan Avilovka, shuningdek, Katerinivka starostinskiy okrugi elektrsiz qolmoqda», — deya qo‘shimcha qildi u.
Bayonotda Lozovayani o‘qqa tutish uchun qanday qurollar qo‘llangani ko‘rsatilmagan. Ukraina havo kuchlari tunda Rossiya dronlarining ushbu shahar yo‘nalishida harakatlanishi haqida ogohlantirgan. Bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Xarkiv viloyatiga tashrif buyurgandi.
Umuman olganda, Ukraina havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 5 avgustga o‘tar kechasi Rossiya Federatsiyasi Ukrainaga 46 ta Shahed tipidagi hujumkor uchuvchisiz uchoq va har xil turdagi dron imitatorlari, shuningdek, «Iskander-M» ballistik raketasi bilan hujum qilgan.











