O‘zbekiston | 14:22 / 05.08.2025
2997
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda besh yulduzli «Pekin» mehmonxonasi quriladi

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi delegatsiyasi Tyanszinda Xitoyning yirik investorlari bilan qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi

Xitoy Xalq Respublikasining Tyanszin shahrida O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Ilzat Qosimov infratuzilma, energetika, transport va turizm sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Sinoma Energy Conservation rahbariyati bilan Jizzax viloyatida gips zaxiralarini geologik qidirish, shamol generatorlari ishlab chiqarish, innovatsion energetika texnoparkini barpo etish, shuningdek, strategik sheriklik to‘g‘risidagi Memorandumni imzolash masalalari muhokama qilindi.

Tianjin Urban Construction Group Holdings kompaniyasi O‘zbekistonda ko‘priklar va avtomagistrallar qurilishida, metro va LRT tizimlarini rivojlantirishda, drenaj infratuzilmasini yaratishda, shuningdek, texnoparklar va muhandislik markazlarida tajriba almashish va ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.

Tianjin Rail Transit Group Corporation metro tizimlari bo‘yicha ilg‘or yechimlarini, jumladan avtomatlashtirish, harakatni boshqarish va xodimlarni o‘qitish bo‘yicha tajribasini taqdim etdi. Delegatsiya kompaniyaning texnologik markazi va transport boshqaruv tizimi bilan tanishdi.

ST Wonderful International Toshkent shahrida besh yulduzli «Pekin» mehmonxonasini qurish va oilaviy hordiq uchun yirik ko‘ngilochar bog‘ni barpo etish bo‘yicha rejalari tasdiqladi.

Muzokaralar yakunida tayyorgarlik ishlarini boshlash va muloqotni davom ettirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. O‘zbekiston tomoni Xitoy hamkorlari bilan asosiy yo‘nalishlarda uzoq muddatli hamkorlikka tayyor ekanini tasdiqladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid