Jahon | 00:48 / 11.08.2025
3570
2 daqiqa o‘qiladi

Polshada YeI pullari yaxtalar va saunalar uchun sarflangani aytilmoqda  - Bryussel izoh talab qildi

Polsha tergov o‘tkazishi va milliy tiklanish rejasiga ajratilgan mablag‘larning bir qismi nima uchun boshqa maqsadlarga sarflanganini izohlab berishi lozim, dedi Yevrokomissiya vakili Matsey Berestetskiy.

Foto: AP Photo

8 avgust kuni Polsha milliy tiklanish rejasi saytida Yevroittifoqdan subsidiya olgan kompaniyalar ro‘yxati e’lon qilindi. Onet nashrining yozishicha, tarmoq foydalanuvchilari ajratilgan mablag‘larning bir qismi ko‘chma qahva qurilmalari sotib olish, suv ustida uy qurish, korporativ yaxtalar, mebel almashtirish va saunalar uchun sarflanganiga e’tibor qaratishgan. 

Mablag‘lar maqsadsiz sarflanishi borasidagi ayblovlarga Polsha prezidenti munosabat bildirdi.  

"Bugun muhim kun. Biz Polshada mablag‘lar qanday taqsimlanganiga aniqlik kiritdik. Menga 10,5 mln polshalikning pullari saunalar, solyariylar va qahva qurilmalariga sarflash uchun berilishining keragi yo‘q. Menga polyak oilalari uchun mablag‘ kerak", - dedi prezident Karol Navrotskiy. 

Polsha YeI rekonstruksiya va tiklanish jamg‘armasidan qariyb 60 mlrd yevro olishga da’vogar edi. Bu mablag‘lar COVID-19 pandemiyasidan so‘ng YeIga a’zo mamlakatlar iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgandi.

Mablag‘larni olish uchun har bir mamlakat pullar nimalarga sarflanishi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berilgan milliy tiklanish rejasini taqdim etishi lozim. 

Varshava hududiy prokuraturasi ushbu holatlar bo‘yicha dastlabki surishtiruv ishlarini boshladi. 

Yevrokomissiya vakili Matsey Berestetskiy RMF FM radiosiga bergan intervyusida "Polsha grantlar ajratilishi bilan bog‘liq vaziyatga aniqlik kiritish uchun choralar ko‘rishi shartligi"ni ta’kidladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid