Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyati Qibray tumani Botanika mahallasi hududidagi daraxtlar kesilayotgani aks etgan videolar tarqaldi.

Unda benzopila ko‘targan ishchi mahalliy aholi vakilining qarshilik ko‘rsatishiga qaramay, mas’ullar nazorati ostida ko‘p qavatli turar joylar atrofidagi yosh va sog‘lom daraxtlarni tag-tugi bilan kesib tashlayotganini ko‘rish mumkin.

Kesilgan daraxtlar orasida mevali daraxtlar ham bor.

Qibray tumani hokimligining mazkur holat yuzasidan munosabatida daraxtlar «hududni obodonlashtirish maqsadida» tuman ekologlari bilan birgalikda kesilgani aytilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur mahalla joriy yil «Tashabbusli budjet» loyihasining 1-mavsumida qarovsiz holatdagi jami maydoni 34 sotix yer maydonini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashirish hamda mahalla yoshlari uchun umumiy maydoni 800 kvadrat metrni tashkil etadigan sun’iy qoplamali yopiq futbol maydonini qurish loyihasini yutib olgan.

«Loyiha doirasida 1,5 mlrd so‘m mablag‘ evaziga zamonaviy, yopiq futbol maydonini qurish va tuman hokimligi tashabbusi bilan hudud atrofini yanada ko‘kalamzorlashtirish hamda sayr qilish yo‘laklarni tashkil etish maqsadida mazkur qarovsiz bog‘dagi qurigan va parvarishlash imkoni mavjud bo‘lmagan 3 tup gilos va 3 tup o‘rik daraxtlari hamda 1 dona siren butasi (moratoriy joriy qilinmagan) jami 7 dona daraxt Hukumatning 464-sonli qarorining 1-ilova, 1-bob, 2-bandida keltirib o‘tilgan talablar asosida, tuman Ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish bo‘limi mas’ullari ishtirokida tegishli tartibda (videoda qonun talablari buzilganligi iddao qilingan) kesilgan», – deyiladi hokimlik munosabatida.

Rasmiy munosabatda hududda «Yashil bog‘» tashkil etish, aholining maroqli dam olishi uchun qulay va ekologik toza hudud yaratish maqsadida barpo etilishi rejalashtirilayotgan mazkur loyihada aholi vakillarining taklif va tavsiyalari ham inobatga olingani aytiladi.

Hokimlik fuqarolarga «asossiz va yolg‘on ma’lumot tarqatish uchun javobgarlik borligi»ni eslatgan.

Hodisa joyida olingan surat. Foto: X/@JasurNormetov