AQShda Tramp va Putin o‘rtasida uzoq kutilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Taxmin qilganimizday, uchrashuvda hech narsa bo‘lmadi. Ko‘pchilikda bir savol: bu nima edi o‘zi? Ikki prezident shuncha odamni sarson qilib nega ko‘rishdi o‘zi? Jurnalistlar oldiga chiqib hech qanday kelishuv bo‘lmadi deyish uchunmi? Lekin uch soatlik uchrashuvda nimalardir bo‘lgani aniq. Quyida shu haqda.
Dabdabali qabul
Demak, avvalo uchrashuv qanday boshlanganiga to‘xtalsak, chunki tomonlar kayfiyatini bilish uchun bu juda muhim. Tramp Putinni dabdabali kutib oldi desak bo‘ladi. To‘g‘ri, aeroportda faxriy qorovul saf tortib, harbiy orkestr Rossiya madhiyasini chalmadi. Kichkina bolalar yo‘lak tashkil qilib, Rossiya va AQSh bayrog‘ini hilpiratmadi, Tramp Putinga non va tuz ham tutmadi, lekin Amerika prezidenti kimnidir shaxsan aeroportda kutib olganining o‘zi – dabdaba.
Putinning oyoqlari ostiga gilam to‘shashdi, xuddi SSSR bayrog‘i kabi alvon rangdagisidan. Amerikalik harbiylar Putinning samolyoti yaqinlashganda, gilamni qayta-qayta tozalab chiqishdi. Tramp Putinni juda iliq kutib olib, xush kayfiyatda chaqchaqlashdi. Keyin aftidan protokolda belgilanmagan bo‘lsa-da, Putinni o‘zining limuziniga taklif qilib, uchrashuv joyiga birga bordi. Sovuq urush davridan buyon eng yomon munosabatlarni boshdan o‘tkazayotgan AQSh va Rossiya prezidentlari uchrashuvida bundan ortig‘ini kutib bo‘lmaydi.
Samarasiz uchrashuv
Uchrashuv joyiga yetib borishganda jurnalistlar prezidentlarni savollarga ko‘mishdi. Hamma birdaniga savol berdi, ba’zilar hatto dodlab gapirdi. Rossiyalik jurnalistlar amerikalik hamkasblari dodlaganini tartibsizlik sifatida ko‘rsatishga urinishdi, lekin okean ortida bu oddiy hol. U yerda muhim uchrashuvlar shunday boshlanadi. Keyin kimdir kelib hammani tinchitadi-da, sokin savol-javob boshlanadi. Demokratiya deyishadi buning nomini, tovarish jurnalistlar. Amerikada shunaqa, birovning og‘zini yopishga odatlanishmagan, savollarni ham tashkilotchi bilan kelishish shart emas.
Demak, Tramp va Putinni suratga, videoga olib bo‘lishgach, jurnalistlarni chiqarib yuborishdi. Keyin yopiq muzokaralar boshlandi. Unda har ikki tomondan uch kishidan qatnashdi. Yopiq muzokara kutilganidan ancha tez – uch soatda yakunlandi. Lekin ko‘pchilik xavotirlanganidek, ikki daqiqada ham tugamadi. Esingizda bo‘lsa, Tramp Putin nima istayotganini ikki daqiqada bilib olaman, bu vaqtda u urushni tugatishni istamayotganini tushunsam, uchrashuvni yakunlayman, degandi.















