Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Spirtli ichimliklar ichakdagi himoya tizimini izdan chiqarib, jigar tabiiy mudofaasini zaiflashtiradi – yangi tadqiqot
Ma’lum bo‘lishicha, alkogol ichakdagi immun signalizatsiya tizimini “o‘chirib qo‘yadi”, natijada bakteriyalar hech qanday to‘siqsiz jigarga o‘tib, mazkur a’zoda yallig‘lanish hamda yog‘ to‘planish jarayonini yuzaga keltiradi.
Spirtli ichimliklar – inson organizmiga eng ko‘p zarar yetkazadigan vositalardan biri. Uning ta’siri eng avvalo jigarni zararlaydi. Chunki jigar spirtni qayta ishlashga mas’ul asosiy organ hisoblanadi.
Statistikaga ko‘ra, 2000–2021 yillarda butun dunyoda alkogolga bog‘liq jigar kasalliklaridan yuzaga kelgan o‘limlar soni 32,6 foizga, jigar saratoni yuzaga kelish holatlari 94 foizga oshgan. Shunga qaramay, uzoq vaqt davomida olimlar spirtli ichimliklar ta’sirida organizmda yuzaga keladigan kasalliklarning asl mexanizmini to‘liq tushuntirib bera olmagan, ularni samarali davolash usuli ham topilmagan edi.
Kaliforniya universiteti izlanuvchilari spirtli ichimliklarni muntazam qabul qiluvchi bemorlarning ichak faoliyatini o‘rgandi. Ma’lum bo‘lishicha, ichakda M4 deb ataladigan maxsus retseptor bor. U aslida “chegara posti” vazifasini bajaradi: bakteriyalarni nazoratdan o‘tkazib, faqat zararsiz bo‘laklarini immun tizimiga taqdim etadi, ya’ni bu jarayonda mikroblar go‘yoki “hujjat tekshiruvi”dan o‘tadi.
Alkogol iste’mol qilinganda esa bu retseptor faoliyati to‘xtab qoladi. Natijada ichakdagi nazorat tizimi butunlay buzilib, bakteriyalar to‘siqsiz chiqib ketadi va to‘g‘ridan to‘g‘ri jigarga boradi. Buning ta’sirida organda yallig‘lanish jarayoni boshlanadi. Oddiy qilib aytganda, alkogol zararli bakteriyalar uchun jigarga bevosita yo‘l ochib beradi.
Mazkur xulosa nafaqat bemorlar misolida, balki laboratoriya tajribalarida ham tasdiqlandi. O‘tkazilgan amaliy tadqiqotlarda uzoq muddat davomida spirtli ichimlik berilgan sichqonlarda M4 retseptorining faolligi pasayishi kuzatilgan. Oqibatda ichakdagi “chegara nazorati” ishdan chiqqan, zararli bakteriyalar jigarda to‘plangan va yallig‘lanishni qo‘zg‘atgan, bunga qo‘shimcha ravishda jigar hujayralarida yog‘ yig‘ilishi (steatoz) paydo bo‘lgan. Olimlar ushbu holatlarning alkogolga bog‘liq jigar kasalligiga xos belgilar ekanini tasdiqlagan.
Shuningdek, tadqiqotchilar tajriba mobaynida spirtli ichimlik ta’sirida ishdan chiqqan M4 retseptorini qayta ishga tushirish mumkinligini ham aniqladi. Ular buning uchun organizmdagi boshqa signal tizimidan foydalandi. Natijada:
- Ichakdagi nazorat tizimi yana ishlay boshladi – bakteriyalar endi bemalol o‘tolmaydi;
- “Hujjat tekshiruvi” qayta tiklandi – zararli mikroblar to‘sqinliksiz jigarga kirolmaydi;
- Jigar bakteriyalar hujumidan himoyalandi – yallig‘lanish kamaydi, tiklanish jarayoni tezlashdi.
Yaqin kelajada M4 retseptorini xavfsiz yo‘l bilan “ishga tushirish” jigar kasalliklarini davolashda katta yutuq bo‘lishi ta’kidlanmoqda.
Mavzuga oid
10:51 / 20.03.2026
Eng baxtli mamlakatlar ma’lum qilindi
02:09 / 09.03.2026
Tadqiqot: o‘smirlar tobora kamroq uxlamoqda
07:23 / 07.02.2026
Reyting: tadqiqot va ishlanmalarga eng ko‘p pul sarflaydigan davlatlar
22:17 / 23.01.2026