Moliya | 15:10 / 02.09.2025
4303
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropada Tesla sotuvlari 40 foizga tushib, BYD 225 foizga o‘sdi

Foto: Reuters

Tesla'ning Yevropadagi sotuvlari iyul oyida 40 foizga kamaydi, uning xitoylik raqibi BYD esa uch baravarga o‘sishga erishdi. Bu – Ilon Mask kompaniyasi uchun Yevropa bozoridagi ketma-ket pasayish kuzatilgan yettinchi oy bo‘lib, brendning obro‘sizlanishi, yangi modellarga qiziqishning yo‘qligi va Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan ro‘y berayotgan kuchli raqobat tufayli yuz bermoqda.

Yevropa avtomobil ishlab chiqaruvchilari assotsiatsiyasi (ACEA) ma’lumotlariga ko‘ra, iyul oyida Yevropada atigi 8 837 dona yangi Tesla avtomobili ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Bu o‘tgan yilning iyuliga nisbatan 40 foiz kam.

Shu bilan bir vaqtda, Shenchjyenda joylashgan BYD Yevropa bo‘ylab iyul oyi davomida 13 503 dona yangi avtomobilni ro‘yxatdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 225 foizga ko‘p.

Tesla savdolaridagi so‘nggi pasayishni butun tarmoqdagi inqiroz bilan ham izohlab bo‘lmaydi, chunki ACEA ma’lumotlariga ko‘ra, iyulda Yevropada umumiy elektromobil savdolari oshgan. BYD esa ko‘plab yangi salonlarni ochish va yangi modellarni taqdim etish hisobiga, yevropalik mijozlar ishonchini qozonishga muvaffaq bo‘ldi, Tesla'ning mavjud modellari esa yangilanmay qolmoqda.

“Tesla rahbariyati investorlarni “Tesla aslida avtomobil kompaniyasi emas” deb ishontirmoqchi. So‘nggi moliyaviy hisobotlardan ko‘rinadiki ular asosan sun’iy intellekt, robototexnika va avtonom texnologiyalarga urg‘u berishyapti, lekin bular – kelajakdagi imkoniyatlar. Ular deyarli hamma narsani gapirishmoqda, faqat hozirgi sekin sotilayotgan avtomobillari haqida emas, chunki ularning modellari raqiblarnikiga qaraganda ancha eski, oxirgi mahsulotlari esa kutilganidek muvaffaqiyatli chiqmadi, xususan Cybertruck”, – deydi Kepler Cheuvreux moliyaviy xizmatlar kompaniyasining avtomobil bozori bo‘yicha tadqiqotlari rahbari Tomas Bessen.

Tesla'ning investorlari kompaniya tez orada sotuvlarni oshirish uchun yangi modellarni taqdim etishidan umid qilyapti. Yil boshida kompaniya arzonroq elektromobil ustida ishlayotgani va uning ommaviy ishlab chiqarilishi 2025 yil ikkinchi yarmiga mo‘ljallanganini bildirgan edi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid