Azizlar, bugun futbol haqida gaplashamiz. Oxirgi vaqtlarda milliy jamoa murabbiyi mavzusi muhokama markazida. O‘FA negadir avvaliga germaniyalik Yoaxim Lyov bilan, keyin portugaliyalik Paulu Bentu bilan muzokara o‘tkazdi. Biri rad etdi, ikkinchisi taklifni o‘rganishga kelib, qaytib ketdi. Va shu o‘rinda o‘zbekistonlik futbol muxlislarida savol paydo bo‘ldi: nega axir? O‘zbekistonni tarixda birinchi marta mundialga olib chiqqan Kapadzening nimasi yoqmayapti sizga?
Kapadze qolishi kerak
Menimcha, Temur Kapadze kamida okean ortidagi Jahon chempionatining eng oxirgi o‘yinigacha O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi lavozimida qolishi shart. Uni hozirmi, musobaqadan oldinmi, mundialning birinchi turidan keyinmi ishdan ketkazish XATO bo‘ladi! Murabbiyni o‘zgartirishni muhokama qilishning o‘zi tushunarsiz qaror. Kapadze qiyin pallada O‘zbekistonni qabul qilib oldi. Uning qo‘l ostida jamoa biror marta yutqazmadi. Tehronda Erondan ochko oldi, Qatarga qarshi bahsda saralash bosqichidagi eng yorqin o‘yinini ko‘rsatdi. Ichki muhitda ham muammo bo‘lgani yo‘q, futbolchilar murabbiyni almashtiringlar, deb chiqqani yo‘q (chiqsa bilardik).
Odatda murabbiyni almashtirish yoki qoniqarsiz natijalar yoki muxlislar talabi bilan amalga oshiriladi. Lekin bizda natija ham, o‘yin ham joyida, muxlislar ham Kapadzedan mamnun. Unda o‘zbek futbolida tarix yaratgan murabbiyga ochiqchasiga hurmatsizlik qilib, u ishdan ketmagan bir paytda boshqa murabbiylar bilan muzokara o‘tkazib yurish nimaga kerak? Ishoning, Kapadze ishsiz qoladigan murabbiy emas, chempionatdagi bir nechta kuchli jamoalar Kopaning yo‘lini poylab o‘tiribdi, u ketishi bilan mo‘may pul va shartnoma taklif qilishadi. Xorijdan ham takliflar bo‘lishi aniq, axir hech qachon jahon chempionati ko‘rmagan jamoani orzusiga yetishtirgan murabbiylar ko‘p emas.
Chet elning «xo‘rozqandi»
Bentu va Lyov kabi murabbiylar bilan muzokara qilinganidan bir xulosaga kelish mumkin: futbol rahbariyatidagilar shunchaki O‘zbekiston milliy jamoasini xorijlik va mashhur murabbiy boshqarishini istamoqda. Tanlangan nomzodlarni qarang: biri «almisoqdan beri» ishsiz yurgan nemis, biri BAA murabbiyligida O‘zbekistonga qarshi hech nima qila olmagan portugal. Hatto tojik nashrlari ham O‘zbekiston biz Osiyo kubogidan chiqarib yuborgan BAAning murabbiyini olib kelyapti ekan, deb troll qilishdi.
Yoki yana bir sabab bo‘lishi mumkin: futbol rahbariyati jahon chempionatida muvaffaqiyatsiz natija bo‘lishidan qo‘rqib, go‘yoki kuchli murabbiy olib kelmoqchi. Axir kuchli murabbiy kelsa, mas’uliyat ham uning gardanida qoladi-da, shundaymi janoblar? Juda xorijlik murabbiy istayotgan bo‘lsangiz, marhamat – Karlo Anchelottini olib keling! Unga Kapadze ham xursand bo‘lib joy bo‘shatib beradi. Papa Karlo bilan gaplashgan futbolchi chindan jangchiga aylanadi, u uchun qo‘rqinchli raqib qolmaydi. Bu ishni qila oladigan boshqa murabbiy yo‘q jahon futbolida.






