Diario de Noticias nashriga ko‘ra, tros uzilib ketishi ortidan funikulyor vagoni relsdan chiqib, binoga borib urilgan. Tarmoqlarda paydo bo‘lgan videolarda 43 kishi sig‘adigan vagon butunlay vayron bo‘lganini ko‘rish mumkin.

Mahalliy sog‘liqni saqlash bo‘limining Lusa nashriga bildirishicha, San Xose shifoxonasiga yetti nafar bemor olib borilgan, ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir. Prokuratura holat yuzasidan tergov boshlagan.

“Gloriya” funikulyori Yevropadagi eng qadimgilaridan biri bo‘lib, u 1885 yilda ochilgan va dastlab bug‘li dvigatelda harakatlangan. 1915 yilda esa elektrlashtirilgan. U Lissabondagi Reshtauradorish maydoni va Jardim de San Pedro de Alkantara bog‘i oralig‘ida 265 metr masofada harakatlangan. Funikulyor 2002 yilda milliy yodgorlik sifatida tan olingandi. U dunyo sayyohlari orasida juda mashhur bo‘lib, yiliga 3 mlndan ortiq kishini tashigan.