E guruhi

Turkiya – Ispaniya 0:6
Gollar: Pedri, 6 (0:1). Merino, 22 (0:2). Merino, 45+1 (0:3). Torres, 53 (0:4). Merino, 57 (0:5). Pedri, 62 (0:6)
Turkiya: Ugurjan Chakir, Merix Demiral, Abdulkarim Bardakchi, Eren Elmali (Zeki Chelik, 63), Mert Mo‘ldur (Ferdi Kadio‘g‘li, 63), Hoqon Chalxono‘g‘li (O‘rxun Ko‘kchi, 68), Ismail Yukshek (O‘zjan, 82), Arda Guler, Kenan Yildiz, Yunus Oqkun (O‘g‘uz Aydin, 46), Karim Oqturko‘g‘li
Ispaniya: Simon, Le Norman, Hausen, Kukurelya, Porro, Subimendi (Rodri, 73), Pedri (Fermin Lopes, 68), Merino, Uilyams (Torres, 44), Yamal (Morata, 73), Oyyarsabal (De Frutos, 68)

Ispaniya saralashdagi ikkinchi o‘yinini ham safarda o‘tkazdi, Luis de la Fuente esa uch kun oldin Bolgariyada o‘ynagan boshlang‘ich tarkibga birorta o‘zgartirish kiritmadi. Murabbiyning bu qarori Bilbaodagilarda norozilik uyg‘otishi tayin, Niko Uilyams birinchi bo‘lim oxirida jarohat tufayli almashtirildi. U maydondaligidayoq o‘yin taqdiri hal qilib bo‘lingandi, «Qizil furiya» darhol turklar darvozasini qamal qildi va tezkor gol bilan hisob ochildi. 6-daqiqadayoq Pedri Hoqon Chalxono‘g‘lini aldab o‘tib, to‘pni olis burchakka aniq yo‘naltirdi.

Bo‘lim o‘rtalarida urilgan ikkinchi golni esa maktab darsliklariga kiritish mumkin – chap qanot orqali rivojlantirilgan hujumda mehmon futbolchilar mashg‘ulotlardagidek erkin harakat qilib, jarima maydoni ichida ham aniq paslar bilan raqibni shoshirib qo‘yishdi va bu hujumni Merino aniq zarba bilan yakunladi. Mikelning bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda urilgan ikkinchi goli haqida ham shunday ta’rifni ishlatish mumkin, ikkinchi bo‘lim boshida jarima maydoni tashqarisidan chap oyog‘ida aylanma zarba bilan yana bir shedevr gol muallifiga aylandi. U 2025 yil boshidan buyon terma jamoa safida olti o‘yinda olti golga mualliflik qilgan. Ushbu yarimhimoyachi o‘tgan mavsumda «Arsenal»da hujumchi qolmaganida Arteta tomonidan majburan hujumchi pozitsiyasida o‘ynatilgani terma jamoaga qo‘l kelmoqda.

Ispaniya uchun bu jahon chempionatlari saralash bosqichlarida safarda qozonilgan eng yirik g‘alabalardan biri bo‘ldi. 2005 yilda San-Marinoga qarshi o‘yinda ham xuddi shunday hisob qayd etilgan, rekord ko‘rsatkich esa 2017 yilda Lixtenshteyn darvozasiga javobsiz sakkizta gol urilishi bo‘lgandi. Ammo bu raqiblarni Turkiya bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Yanicharlar uchun bu 41 yildan buyon uydagi eng og‘riqli mag‘lubiyat bo‘ldi — o‘shanda Angliyaga 0:8 hisobida mag‘lub bo‘lingan.