Avto | 14:40 / 10.09.2025
3715
2 daqiqa o‘qiladi

Hibrid rejimda 1570 km yura oladi: Nevo A07 2026 sedani sotuvga chiqdi

Changan kompaniyasi Nevo 07 sedanini yangiladi va Xitoyda 19 640 dollar boshlang‘ich narx bilan savdoga chiqardi.

Foto: Changan

Nevo 07 tashqi dizaynida qator o‘zgarishlar bo‘lgan: faralari yanada ingichka ko‘rinishga keltirilgan va bamperga o‘rnatilgan. Eshik tutqichlari ham “kuzovga cho‘ktirilgan” ko‘rinishda ishlangan. Orqa qismida esa spoyler ham o‘rnatilgan.

Mashina o‘lchamlari esa shunday: uzunligi 4905 mm, eni 1910 mm, balandligi 1480 mm. G‘ildiraklar bazasi 2900 mmga teng. Bu Toyota Camry’ning 2025 yilgi modeliniki bilan deyarli bir xil degani — 2825 mm. Avtomobil 19 dyuymli g‘ildiraklar bilan jihozlangan.

Nevo 07 da an’anaviy uskunalar paneli displeyidan voz kechilgan. Uning o‘rniga yagona 15,4 dyuymlik displey o‘rnatilgan. U Qualcomm Snapdragon 8155 chipi yordamida ishlaydi. Bir emas, birdaniga 2 ta smartfonni simsiz quvvatlash imkoniyati bor. 

Nevo 07 ham elektromobil, ham hibrid sedan sifatida xaridorlarga taklif etiladi. Elektromobil versiyasi komplektatsiyasi qarab bir martalik quvvatlanish bilan 730 kmgacha masofa bosib o‘ta oladi. Batareyasi esa CATL kompaniyasiga tegishli bo‘lib, litiy temir fosfatli bo‘ladi. 

Hibrid verisya bo‘lsa, 268 ot kuchiga ega elektromotor, 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli (97 ot kuchi) hamda CATL’ning 35,1 kWh sig‘imli batareyasi bilan jihozlangan. Yonilg‘i baki 45 litrga teng. Tokning o‘zida 310 kmgacha, hibrid rejimda esa 1570 kmgacha masofa bosib o‘ta oladi.

Eng arzon komplektatsiya 19 640 dollarga baholangan bo‘lsa, top versiya narxi 22 450 dollar etib belgilangan.

Асрор Абдуназаров
Tayyorlagan Асрор Абдуназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid