Jamiyat | 13:25 / 11.09.2025
2124
2 daqiqa o‘qiladi

Postlarda salkam 17 tonna noqonuniy kosmetika va parfyumeriya vositalari aniqlandi

Respublika bojxonachilari tomonidan noqonuniy mahsulotlar kirib kelishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar muntazam davom ettirilmoqda.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi tomonidan Andijon viloyati bojxona boshqarmasi tezkor tuzilmalari hamda «Do‘stlik» chegara bojxona posti xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda tadbirkorlik sub’yektlaridan birining nomiga keltirilgan parfyumeriya vositalari belgilangan tartibdan bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Natijada, yuklar orasidagi 9 turdagi 10,7 tonnadan ziyod parfyumeriya vositalari hujjatlarda ko‘rsatilganidan ortiqcha ekanligi fosh bo‘ldi. Holatga oydinlik kiritilguniga qadar vaqtincha saqlovga olingan mazkur tovarlarning umumiy qiymati, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, salkam 1,9 mlrd so‘mni tashkil qilmoqda.

Mazkur postda aniqlangan yana bir holatda qo‘shni davlatdan kirib kelgan yuk avtotransport vositalaridan birini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida bojxonachilar mavjud yuklar va hujjatlardagi ma’lumotlar o‘rtasida tafovut borligini aniqladi.

Natijada tovarlar orasidagi qiymati 216 mln so‘mlik 800 kg og‘irlikdagi kosmetika va parfyumeriya vositalari hujjatlarda qayd etilmagani fosh bo‘ldi.

Parfyumeriya vositalarini noqonuniy olib kirishga urinish poytaxtda ham fosh qilindi. Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi va Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan aniqlangan holatda ham tadbirkorlardan birining chetdan keltirilgan tovarlari belgilangan tartibda ko‘zdan kechirildi.

«Toshkent-tovar» tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida o‘tkazilgan bojxona ko‘rigi natijasida 53 nomdagi parfyumeriya va boshqa uy-ro‘zg‘or buyumlari bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatilmagani, ayrimlari esa ko‘rsatilganidan ko‘ra ortiqcha ekanligi aniqlandi. 5,4 tonnadan ziyod mazkur tovarlarning umumiy qiymati esa 1,2 mlrd so‘mdan oshmoqda.

Mavzuga oid