Qariyb 4 yil avval Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan ayiq qafasiga tashlab yuborilgan qizaloq qotillik qurboni bo‘ldi. Joriy yil avgust oyi boshida ruhiy kasalliklar shifoxonasidan chiqqan ona qizini pichoqlab o‘ldirdi. Kun.uz muxbiri fojia tafsilotlarini o‘rganishga harakat qildi.
Toshkent shahri Sergeli tumanida yashovchi ayol o‘z qizining qotiliga aylandi. Voqea joriy yilning 8 sentabr kuni soat taxminan 15:30–16:00 lar atrofida sodir bo‘lgan. 34 yoshli Zilola To‘laganova maktabga chiqqaniga 1 hafta bo‘lgan 7 yoshli qizi Zarina Ahadovaga oshxona pichog‘ini sanchgan. Qizaloq olgan tan jarohatlari oqibatida voqea joyida halok bo‘lgan.
Qotillik qurboniga aylangan Zarina Ahadova 2022 yil yanvar oyida Toshkent hayvonot bog‘ida onasi tomonidan to‘siq ortidan ayiqning qafasiga tashlab yuborilgandi. Kavkaz ayig‘i qizga yaqinlashib, hidlab ko‘rib, so‘ng ortiga qaytgan. O‘shanda bog‘ ishchilari ayiqni ichki xonaga chaqirib olishgan edi. Qizaloqda ochiq bosh miya jarohati va bosh miya chayqalishi aniqlangan, bir muddatdan so‘ng uning ahvoli yaxshilangan va uyiga javob berilgandi.
Keyinroq Zilola To‘laganovaning psixonevrologik dispanser ro‘yxatida turgani, oilada bosimga uchragani va turmush o‘rtog‘i bilan ajrashmoqchi bo‘lgani ma’lum bo‘lgandi. Shundan so‘ng u ruhiy kasalliklar shifoxonasiga joylashtirilgan. Qizaloq va uning akasini buvisi (ona tomondan) vasiylikka olgan. 2023 yildan shu vaqtga qadar bolalar buvisi va bobosining qaramog‘ida bo‘lgan. Bobo nafaqada, buvi esa xonadon yaqinida joylashgan pazandalik sexida ishlagan.
2025 yil avgust oyida Zilola To‘laganovaga ruhiy kasalliklar shifoxonasidan javob berilgan. U uyiga qaytib, ota-onasi va farzandlari bilan birga yashay boshlagan. Mahalla raisi Shuhrat Karimjonovning aytishicha, ruhiy kasalliklar shifoxonasi tomonidan ayolning uyiga qaytarilayotgani haqida ogohlantirish yoki xat orqali xabar ham berilmagan.














