Avstraliyalik bloger Bell Gibson – zamonamizning eng mashhur qalloblaridan. U yillar davomida o‘zini saratonga chalingan deb ko‘rsatib, go‘yoki parhez va an’anaviy tibbiyot yordamida davolanayotganini iddao qilib kelgan. O‘zidan “salomatlik guru”sini yasab olgan firibgar hatto o‘z mobil ilovasi va retseptlar kitobini ham sotuvga chiqargan.
Netflix'da “Olma sirkasi” nomli mini-serial chiqdi. Serialda o‘zini go‘yoki saraton kasalligiga chalingan va o‘zini o‘zi tabiiy yo‘l bilan davolayotgandek qilib ko‘rsatgan firibgar haqida hikoya qilinadi.
Bu firibgarning ismi – Bell Gibson va u to‘qima personaj emas. 1991 yilda Avstraliyada tug‘ilgan Gibson 2013-2015 yillarda ijtimoiy tarmoqlarda inflyuenser darajasiga chiqqan. Forbes jurnali uning qanday qilib soxta “salomatlik gurusi”ga aylangani va birdan hammasidan ayrilgani haqida hikoya qilib berdi.
Soxta muvaffaqiyat
Bell Gibson 2013 yil may oyida Instagram'da @healing_belle nomli akkaunt ochadi. Akkauntning nomi “Tuzalayotgan Bell” ma’nosini anglatadi. U odamlarni laqillatishni boshlarkan, 2009 yili unga miya saratonining oxirgi bosqichi tashxisi qo‘yilgani haqida yozgan. Go‘yoki shifokor unga: “Senda xavfli o‘simta bor, Bell. Sen o‘lyapsan. Atigi olti hafta, eng ko‘pi to‘rt oy umring qoldi”, degan. Gibson o‘zidagi saratonning sababi sifatida odam papillomasi virusiga qarshi vaksinani ko‘rsatgan.
Gibson zamonaviy tibbiyot yordam bermaganini, balki faqat sog‘lom ovqatlanish, mashqlar va kompleks yondashuv asosidagi chora-tadbirlar uni saqlab qolganini aytgan. Bu “mo‘jizaviy” hikoya esa tezda yuz minglab obunachilarni o‘ziga jalb qilgan.

Shu tariqa, Gibson qisqa muddatda Avstraliyadagi eng mashhur inflyuenserlardan biriga aylandi. Uning sahifasiga 200 mingdan ortiq odam obuna bo‘ldi. U tezda mashhurlikdan foyda olishni o‘yladi va o‘sha yilning o‘zida “The Whole Pantry” nomli sog‘lom ovqatlanish haqidagi mobil ilovasini chiqardi. Ilovani birinchi oydayoq 200 ming marta yuklab olishdi va Gibson taxminan 1 mln dollar ishlab oldi.
O‘shanda Apple kompaniyasi Gibsonning ilovasini “yilning eng yaxshi oziq-ovqat va ichimlik ilovasi” deb tan olgan. Elle Australia nashri Bell haqida: “Yilning eng ilhomlantiruvchi ayoli” deya maqola chiqargan. Cosmopolitan jurnali esa unga “Quvnoq va qo‘rqmas ayol” mukofotini bergan.

















