Angliya: Gvardioladan avtobus

«Arsenal» – «Manchester Siti» 1:1
Gollar: Holand, 9 (0:1). Martinelli, 90+3 (1:1)
«Arsenal»: Rayya, Saliba, Gabriel Magalyayns, Kalafiori, Timber (Martinelli, 80), Subimendi (Moskera, 90+8), Rays, Merino (Eze, 46), Trossar (Nvaneri, 84), Madueke (Saka, 46), Yokeresh
«Manchester Siti»: Donnarumma, Ruben Diash, Gvardiol, O`Rayli (Stouns, 87), Husanov (Mateus Nunes, 46), Rodri, Reynders, Foden (Ake, 68), Doku (Savio, 87), Bernardu Silva, Holand (Gonsales, 76)
Ogohlantirishlar: Timber, 46 – Bernardu Silva, 36. Donnarumma, 77

«Siti» turning markaziy uchrashuviga maksimal darajada kutilgan tarkib bilan tushdi. Gvardiola 2021 yildan buyon ilk bor qatorasiga uch o‘yinda bir xil tarkibni tushirdi. O‘zbekistonlik himoyachi himoyaning o‘ng qanotidagi o‘rnini mustahkam egallagani ma’lum bo‘ldi. «Arsenal»da esa bu mavsumda ilk bor Trossar ilk daqiqalardan o‘ynadi, Arteta bir necha kun olin Chempionlar ligasida «Atletik» bilan o‘yinda 1+1 ko‘rsatkich qayd etgan futbolchisiga ishonch bildirdi.

O‘yinning ilk daqiqalaridan «Arsenal» katta kuch bilan oldinga tashlanib, raqib jarima maydonini qamalga oldi, eng oldingi chiziqdayoq pressing uyushtirdi, mehmonlar esa qarshi hujumlarga tayandi. «Siti» 9-daqiqadayoq ilk vaziyatidan foydalandi. Londonliklar himoyachilari hujumda yurganida to‘p yo‘qotildi va Reynders to‘pni raqib jarima maydoni yaqinigacha olib borib, o‘ng qanotdan ochilgan Holandni to‘p bilan ta’minladi. Norvegiyalik hujumchi yakkama-yakka vaziyatdan unumli foydalandi.

Shundan keyin mehmonlar to‘pni butunlay raqibga topshirishdi. Bo‘lim o‘rtalariga borib «shaharliklar»ning to‘pga egalik qilish ko‘rsatkichi 17 foizgacha tushib ketgandi. Bu vaqtda Foden beshinchi himoyachiga aylandi. O‘yinda qo‘polliklar tufayli tez-tez pauza yuzaga kela boshladi. Husanov, Reynders, Gabriel, Trossar va Bernardu follardan aziyat chekishdi. Bo‘lim oxirida oldinroq sariq kartochka olib bo‘lgan Bernardu gazonda yotgan Trossarni to‘p bilan urdi, biroq hakam uni ayadi va maydondan chetlatmadi.

«Arsenal»ning birinchi bo‘limdagi to‘pga egalik qilishi chinakamiga xavfli vaziyatlarni yuzaga keltirmadi. Raqib darvozasi sohasiga to‘g‘ri borgan yagona zarba Maduekening zarbasi bo‘ldi, ammo bu vaziyatda Donnarumma yaqin burchakka kelgan to‘pni to‘sishga ulgurdi.

Tanaffusda uchta almashtirish bo‘ldi. «Arsenal» Madueke va Merino o‘rniga Saka va Ezeni maydonga tashladi va bu londonliklar hujumini kuchaytirmay qolmadi. Gvardiola esa birinchi bo‘limda Husanovni maydondan oldi. O‘zbekistonlik himoyachi yakkakurashlarda yaxshi harakat qildi, o‘z qanotida Trossarga imkon bermadi, ammo to‘p bilan harakatlanishda yaxshi taassurot qoldira olmadi — to‘pni uzoqlashtirishga urinib ko‘p yo‘qotishga yo‘l qo‘ydi, vaziyatlardan birida esa to‘pni darvozabonga qaytarishga urinib, uni raqibga sovg‘a qilishiga bir baxya qoldi. Aftidan, «Arsenal» Husanovni pressingning asosiy nishoni sifatida tanlagandi: aynan uni noqulay holatga tushiruvchi paslar berib, keyin bosim uyushtirildi.