Donald Trampning radikal savdo siyosati, budjet tanqisligi va AQSh Markaziy banki – Federal rezerv mustaqilligiga tahdid solinayotgani fonida dollar jiddiy zaiflashishi mumkin. Joriy yil boshidan beri AQSh valutasi o‘z savdo vaznini 7 foizga kamaytirdi, bu 1973 yildan beri qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkich.
The Economist’ning yozishicha, Xitoy rahbariyati yuqoridagi holatdan katta imkoniyat sifatida foydalanmoqchi. Yuan Trampning qayta prezidentlikka kelganidan keyin o‘zining eng yuqori darajasiga yetgan. Tashqi investorlarda ham Xitoy valutasiga nisbatan qiziqish oshib boryapti. Ko‘plab hukumatlar dollarga alternativ izlashni boshlashgan.
Xitoyning yuanni xalqaro miqyosda ommalashtirish istagi ham yangilik emas. Mamlakat bunga ilk bor 2009 yilda urinib ko‘rgan va kapital nazoratlarini qisman yumshatgandi. Ammo 2015 yildagi fond bozori inqirozi va valuta qadrsizlanishidan so‘ng, pul oqimi mamlakatdan chiqib ketdi. Shundan so‘ng qat’iy kapital nazorati joriy qilindi va yuanning o‘sishi to‘xtatildi. Bu safar rasmiy Pekin erishilgan yutuq mustahkam bo‘lishi va kapital oqimlari ustidan qat’iy nazorat saqlanishini ta’minlamoqchi.
Xitoy yetakchilari xalqaro miqyosda tan olingan yuan mamlakatdagi eksportchilarni dollar qiymatining tebranishlaridan himoya qiladi, deb hisoblashadi. Bundan tashqari, bu AQSh moliyaviy sanksiyalarining ta’sirini kamaytirishi ham mumkin. Ba’zi rasmiylar xorijiy kompaniyalar va investorlar davlatning qat’iy nazoratini e’tiborsiz qoldirishiga hamda buni ustunlik deb ham ko‘rishiga umid qilyapti. So‘nggi yillarda Xitoy juda muvaffaqiyatli ishlarni amalga oshirdi. Yuanning xalqaro hisob-kitoblardagi ulushi oshdi, dollar tizimiga alternativ moliyaviy infratuzilma yaratildi.
Xitoy nimalarga erishdi?
Har qanday mezon bo‘yicha olinsa ham, yuan hali kuchli «obro‘»ga ega emas. Xitoyning dunyo iqtisodiyotidagi ulushi qariyb 20 foiini tashkil etsa-da, yuanning xalqaro to‘lovlardagi ulushi atigi 4 foiz. Dollarda bu ko‘rsatkich 50 foiz. Markaziy banklar zaxiralarida yuan faqat 2 foizni ulushga ega. Dollar esa 58 foiz. Bunday katta tafovutning asosiy sababi – Xitoydagi pul oqimi ustidan saqlanayotgan qat’iy nazorat. Ko‘plab iqtisodchilar hozirgi holatda yuanni xalqaro valutaga aylantirish deyarli imkonsiz, deb hisoblashadi.
Qayd etish lozimki, AQSh dunyodagi eng katta iqtisodiyotga aylangandan keyin ham dollarning ustunligini ta’minlash uchun o‘nlab yillar harakat qilgan. Shu jihatdan qaralsa, Xitoy juda tez rivojlanyapti. Yuanning xalqaro to‘lovlardagi ulushi 2022 yildan beri ikki baravar oshdi. Bu asosan ichki siyosatdagi o‘zgarishlar tufayli yuz berdi. Xitoy o‘zining tovar va xizmatlar savdosida yuandan ko‘proq foydalanishni boshladi — hozirda bu ko‘rsatkich 30 foizdan oshgan (2019 yilda 14 foiz edi). Pekin barcha transchegaraviy tushumlarining (moliyaviy oqimlar ham kiradi) 50 foizidan ko‘prog‘ini yuan orqali amalga oshiradi — bu ko‘rsatkich 2010 yilda atigi 1 foiz bo‘lgan.

















