Kilian Mbappe dunyo futbolida eng muhim figuraga aylanish uchun «Real»ga o‘tganini yashirmaydi. Umuman, Fransiya chempionati asosiy ligalar soyasida bo‘lgani uchun doim e’tibordan chetda bo‘lar, «PSJ»ning Yevropa maydonlaridagi muvaffaqiyatsizliklari esa jamoa futbolchilarini jiddiy qabul qilishga xalaqit berardi. So‘nggi yulduz Mbappeni ham sotib yuborgach, «PSJ» Luis Enrike boshchiligida butunlay teskari yo‘ldan ketdi va jamoaviy futbolga urg‘u bergan holda ayniqsa, o‘tgan mavsumning ikkinchi yarmida dahshatli o‘yin ko‘rsata boshladi.

Jamoa yulduzlardan tashkil topmasligi mumkin, ammo u g‘alaba qozonarkan, albatta, har bir ijrochi yulduzga aylanadi. «Oltin to‘p»ga nomzodlar ichida «PSJ»ning birato‘la 11 nafar futbolchisi o‘rin olgani ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Usmon Dembele mana shu yulduzli tarkib ichida ham alohida ajrab chiqqan, eng sermahsul bo‘libgina qolmay, umuman, bugungi «PSJ»ning yuziga aylangan futbolchi hisoblanadi. Uning g‘olib chiqishi ancha yillardan beri tanigan ko‘pchilik uchun biroz erish tuyulsa-da, Usmonning faoliyatiga, ayniqsa so‘nggi mavsumga chuqurroq qaraganimizda boshqa variant ham bo‘lmaganini ko‘ramiz. «Oltin to‘p» aynan eng katta musobaqada g‘alaba qozongan jamoa a’zosiga berilishi esa to‘g‘ri qaror, zero futbol jamoaviy sport turi hisoblanadi – har qancha zo‘r bo‘lsang ham, jamoang yuta olmasa, imkoniyating kamayadi.

Bolalik yillari, futbolga kirib kelishi

Masur Usmon Dembele 1997 yilning 15 mayida Fransiya shimolida joylashgan Vernonada dunyoga kelgan. Unda senegal-mavritanlar qoni bor. Otasi Usmon va Fatimata Dembele Yevropaga Mali va Mavritaniyadan ish izlab kelib qolishgan. Kichik Usmon bolaligidan futbolga qiziqqan, uning yoshligi Evre shahri ko‘chalarida to‘p orqasidan yugurib o‘tgan. Kattalar bolakayning qiziqishiga qarshi bo‘lishmaydi va uni sport to‘garagiga olib borishadi.

Dembele futboldagi yo‘lini «Evre» bolalar maktabida boshladi. O‘smirlik yillarida u mini-futbolga qiziqqan, aynan o‘sha paytlarda Usmonning dribling va texnikasi shakllana boshlagandi. U o‘zidan ancha yoshi katta bolalarni ham osonlik bilan aldab o‘tar, o‘shandayoq istiqbolli futbolchi sifatida o‘zini ko‘rsatib ulgurgandi. Usmon 13 yoshida «Renn» akademiyasiga jalb etilishi ajablanarli holat emasdi. Fransiyaning boshqa klublari, jumladan «Gavr» va «Kan» ham uni o‘z akademiyasida ko‘rishni istagan, ammo faqat «Renn»dagilar yosh iste’dodning onasi, ukasi va singillari yashashi uchun uy ham berishga rozi bo‘lgandi.

U 17 yoshida «Renn» o‘rinbosarlari tarkibida yorqin mavsum o‘tkazadi (18 o‘yinda 13 gol) va to‘rtinchi divizionning eng yaxshi futbolchisi deb topiladi.