O‘zbekiston | 10:04 / 25.09.2025
4398
4 daqiqa o‘qiladi

Ziroat Mirziyoyeva: ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda

Nyu-York shahrida BMT Bosh assambleyasi 80-sessiyasining oliy darajadagi haftaligi doirasida «Saraton va boshqa hayot uchun xavfli kasalliklarga chalingan bolalarning yashovchanligini oshirish va azob-uqubatlarini kamaytirish bo‘yicha global harakat» mavzusida tadbir o‘tkazildi. Unda Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Foto: "Zamin" xalqaro jamoat fondi

«Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi ishtirokchilarga murojaat qilar ekan, shunday dedi: «Hozirgi vaqtda dunyo bo‘ylab ikki milliarddan ziyod bolalar yuqumli bo‘lmagan kasalliklar xavfi ostida yoki ulardan aziyat chekmoqda. Bu — sayyoramiz aholisining qariyb uchdan bir qismi demakdir. Millionlab bolalar saratonga qarshi kurashmoqda. Zamonaviy tibbiyot yutuqlariga qaramay, yashovchanlik darajasi turli mintaqalarda keskin farq qiladi: rivojlangan mamlakatlarda bu ko‘rsatkich 80 foizdan yuqori bo‘lsa, rivojlanayotganlarda 30 foizdan ham past. Bunday tafovut mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat. Bunday fojialarning oldini olish uchun chora ko‘rishimiz zarur».

Tadbirda Turkiya, Ozarboyjon, Angola, Vetnam, Gvatemala, Serbiya birinchi xonimlari, Livan bosh vazirining rafiqasi; JSST bosh direktori, EKOSOS prezidenti, Sent Jud bolalar tadqiqot shifoxonasi prezidenti, Turkiya, Angola, Armaniston, Bangladesh, Mozambik, Dominikan Respublikasi, Nigeriya, Qozog‘iston, Qatar, Kongo Respublikasi, Qirg‘iziston, Malta, Mo‘g‘uliston, BAA, Peru, Tojikiston, Timor-Leste, Tuvalu, Chad, Yamayka sog‘liqni saqlash vazirlari, Vengriya, Indoneziya, Rossiya, Tanzaniya sog‘liqni saqlash tuzilmalari rahbariyati, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar hamjamiyati va fuqarolik jamiyati vakillari, og‘ir kasalliklarga chalingan bolalar ishtirok etdi. Ular orasida «Mehrli maktab» maktabining yosh bitiruvchisi va ko‘ngillisi Samira Idrisova o‘z hayoti haqida samimiy hikoya qilib berdi.

Ishtirokchilar adolatli, integratsiyalashgan va mahalliy resurslarga asoslangan sog‘liqni saqlash tizimlarini rivojlantirish orqali 2030 yilga qadar saratonga chalingan bolalarning yashovchanlik ko‘rsatkichini 60 foizga yetkazish borasidagi qat’iy intilishlarini tasdiqladi. Shuningdek, bolalarda saraton kasalliklarini davolashdagi yutuqlarni qo‘llab-quvvatlash va o‘roqsimon hujayrali anemiyaga qarshi global tashabbusni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

O‘zbekiston birinchi xonimi, «Zamin» fondi vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Nyu-York shahridagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh assambleyasi doirasida Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori doktor Tedros Gebreyyesus bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Ziroat Mirziyoyeva JSST rahbariga tashkilotning dunyoda tibbiyot va sog‘liqni saqlashni rivojlantirishga qo‘shayotgan ulkan hissasi, O‘zbekiston bolalari saratonga qarshi dori vositalaridan bahramand bo‘lishini ta’minlash bo‘yicha global platformani qo‘llab-quvvatlagani va kengaytirgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Tomonlar hamkorlikni yanada faollashtirishga, xususan, bolalar saratonini erta aniqlash, diagnostika va davolashning zamonaviy usullarini joriy etish, onkologiya va gematologiya sohasida mutaxassislarni tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, bolalar va ularning oilalariga reabilitatsiya va ruhiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish imkoniyatlarini kengaytirishga tayyor ekanini ta’kidladi.

JSST rahbari O‘zbekistonning sog‘liqni saqlash sohasidagi ishlariga hamda muhim ijtimoiy va ekologik loyihalarni amalga oshirayotgan «Zamin» fondi faoliyatiga yuksak baho berdi.

Mavzuga oid