Kelasi hafta Chempionlar Ligasi uchrashuvlari bo‘lishi munosabati bilan bu hafta kuchli beshlikning aksariyat top-klublari o‘z o‘yinlarini bugun, shanba oqshomida o‘tkazishadi. Ertaga ham zerikmaymiz albatta. Bu hafta dam olish kunlarimizda Ispaniyada uzoq kutilgan top uchrashuv, Italiyada peshqadamlar va da’vogarlar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar, Angliyada esa “Arsenal” va “Liverpul”ni qiyin safar kutib turibdi.

ATLeTIKO – ReAL (27 sentabr, 19:15)

“Real” bu yil rostanam shunaqa zo‘rmi? “Atletiko” bu yil rostanam shunaqa yomonmi? Bu uchrashuv har ikki savolga ham javob berishi mumkin.

Xabi Alonso boshchiligida “Real” bu mavsum yuz foizlik natija ko‘rsatib kelmoqda. Jamoaning usluban endi o‘zgargani, pressing yaxshi yo‘lga qo‘yilgani va yana bir qator ijobiy jihatlar ko‘p aytilayotgan bo‘lsa-da, jamoaning kuchaygani haqidagi savol ochiq qolmoqda, zero madridliklar hali jiddiy sinovga duch kelishmadi. Nisbatan kuchliroq bo‘lgan “Marsel”ga qarshi o‘yinda esa hatto mag‘lubiyatga uchrashi ham mumkin edi. Shu jihatdan qarasak, Simeonening “Atletiko”si raqib sifatida juda mos.

Agar “Atletiko”ning o‘zi mavsumni yaxshi boshlamaganini ham e’tiborga olsak, Simeone shogirdlari faqat derbiga tushgandek emas, barcha muvaffaqiyatsizliklarni ortda qoldirish uchun bor imkoniyatini ishga solishga bel bog‘laydi deb bemalol taxmin qilish mumkin. Jamoa shundoq ham kutilmagan, yo‘qotmaslik kerak bo‘lgan ko‘p o‘yinlarni boy berdi, deyarli barcha o‘yinlarda hisobni ochgan bo‘lsa-da, natijani saqlab qolishni uddasidan chiqa olmadi. “Real” va “Barselona” fonida yozgi transferlar oynasini ancha aktiv o‘tkazgan, o‘z safina Raspadori, Xanko, Almada, Kardoso, Bayena, Rudjyeri kabi juda ko‘p futbolchilarni qo‘shib olgan jamoadan har xolda mavsum boshida chempionlik poygasini kutishgandi.

Madrid derbisi, ayniqsa Metropolitanoda o‘tganida, o‘ta murosasiz kechadi. Ushbu stadionda o‘tgan oxirgi 20 derbida har ikki tomon teng - 7 martadan g‘alaba qozongani ham buni tasdiqlab turibdi. O‘tgan mavsumda mezbonlarning so‘nggi daqiqada hisobni tenglashtirgan derbi, ayniqsa, Chempionlar Ligasidagi javob o‘yini hammaning yodidan ko‘tarilmagan bo‘lsa kerak. Penaltilar seriyasi, Alvaresning xatosi, qizig‘i, aynan shu voqeadan so‘ng penalti tepishdagi qoidalar o‘zgardi, futbolchining behosdan ikki marta tekkanda golni bekor qilish o‘rniga qaytadan tepiladigan bo‘ldi.

Jamoalar tarkibiga qaralsa, mezbonlar safida faqat yangi xaridlar bo‘lmish Kardoso va Almada maydonga tusha olishmaydi. Xose Ximenes hali hali yangi mavsumda safga qaytgani yo‘q. Alonso matbuot anjumanida Bellinhem va Kamavinga asosiy tarkibga qaytishi mumkinligiga ishora qildi. Himoya chizig‘ida Ryudiger, Aleksandr-Arnold va Mendi o‘ynay olmaydi xolos. Alonso “Real” uchun odatiy bo‘lib qolgan himoyadagi jarohatlarga yechim qidirayotgani ma’lum. Misol uchun, so‘nggi o‘yinda Karrerasni markazda, Asensioni o‘ng qanotda sinab ko‘rgan holda eksperimentlar o‘tkazdi.