«Atletiko» – «Real» 5:2
Gollar: Le Norman, 14 (1:0). Mbappe, 25 (1:1). Arda Guler, 36 (1:2). Serlot, 45+3 (2:2). Alvares, 51 – penalti (3:2). Alvares, 63 (4:2). Grizmann, 90+3 (5:2)
«Atletiko»: Oblak, Langle, Le Norman, Gansko (Galan, 83), Liorente, Koke, Barrios, Gonsales (Grizmann, 83), Simeone (Molina, 90+2), Syorlot (Gallaher, 67), Alvares (Baena, 90+2)
«Real»: Kurtua, Eder Militau (Raul Asensio, 46), Hausen (Garsiya, 89), Karreras, Karvahal (Kamavinga, 59), Valverde, Tshuameni, Vinisius Junior, Arda Guler (Mastantuono, 59), Bellinghem (Rodrigu, 70), Mbappe
Ogohlantirishlar: Syorlot, 22. Gonsales, 40. Langle, 56. Simeone, 82. Gallaher, 90 – Arda Guler, 50. Raul Asensio, 58. Karreras, 62. Mastantuono, 90

«Real» La Liga startidagi olti turda maksimum natijaga erishdi. Yettinchisida Madrid derbisidagi jiddiy sinov kutayotgandi. «Atletiko» esa, aksincha, mavsum startida muvaffaqiyatsizlikka uchrab, turnir jadvalida to‘qqizinchi o‘rinda joylashgandi. Ammo muhim nyuans bor edi: «Real» «Metropolitano» o‘yingohida 2022 yil sentabridan buyon g‘alaba qozona olmayotgandi. Yakunda bu seriya davom etdi, o‘yindan oldin imkoniyati past baholangan mezbonlar o‘yinning katta qismida ustunlik qilishdi va yirik hisobdagi g‘alabaga erishishdi.

Habi Alonso shu kuni klublar o‘rtasidagi jahon chempionatidan buyon ilk bor Bellinghemni boshlang‘ich tarkibga kiritdi, shu tufayli Guler o‘ng qanotga tushirildi, Mastantuono esa zaxira o‘rindig‘ida qoldirildi. Yozgi transferlar vaqtida tarkibi jiddiy o‘zgargan (sakkiz nafar yangi futbolchi xarid qilindi, o‘tgan yozda yettita transfer amalga oshirilgandi) «Atletiko» asta-sekin o‘yinini topib borayotganini ko‘rsatdi va o‘yinni raqibga nisbatan faolroq boshladi. Alvares qarshisida ikki futbolchi turganiga qaramay, hujum uyushtirdi va burchak zarbasi ishladi. Syorlot esa Kurtua bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketishiga bir baxya qoldi – faqat to‘pga zarba berish o‘rniga oyog‘i ostiga tashlangan Militaoning oyog‘ini tepdi (braziliyalik himoyachini tanaffusda almashtirishga to‘g‘ri keldi). Keyinroq norvegiyalik hujumchi boshda yo‘llagan zarba to‘sin ostiga borayotganida darvozabon qutqardi. 14-daqiqada esa bosim golga olib keldi. Juliano Simeone o‘ng qanotdan uzatma berdi, Le Norman Tshuamenidan ildamroq harakat qilib, boshda aniq zarba berdi.

«Real» esa birinchi bo‘lim o‘rtalarigacha hujumda hech narsaga erisha olmadi. 23-daqiqaga kelib zarbalar bo‘yicha ustunlik mezbonlar foydasiga 4:0 (uchtasi – darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan), burchak zarbalari bo‘yicha 3:0 ko‘rinishida edi – mezbonlarning ustunligi yaqqol edi. Juliano va Syorlotda yana vaziyatlar bo‘ldi, ammo Kurtua yana o‘zini ko‘rsatdi. Keyin esa «Real» ilk jiddiy hujumida hisobni tenglashtirdi: Mbappe to‘pni o‘ng qanotdagi Gulerga oshirdi va jarima maydonida o‘zini taklif qildi, turkiyalik yarimhimoyachining himoyachilar orasidan o‘tkazib berilgan pasidan keyin olis burchakni aniq nishonga oldi.