Angliya: «kanonirlar»ning kornerlari — penalti kabi

«Nyukasl Yunayted» – «Arsenal» 1:2
Gollar: Voltemade, 34 (1:0). Merino, 84 (1:1). Gabriel Magalyayns, 90+6 (1:2)
«Nyukasl Yunayted»: Poup, Botman, Tshau, Bern, Livramento (Laskelles, 77), Tonali, Joelinton (Barns, 90+4), Gimarayns, Gordon (Trippiyer, 67), Myorfi (Osula, 67), Voltemade (Elanga, 67)
«Arsenal»: Rayya, Moskera (Saliba, 46), Gabriel Magalyayns, Kalafiori (Merino, 70), Timber, Subimendi (Edegor, 82), Rays, Eze, Trossar (Lyuis-Skelli, 88), Saka (Martinelli, 70), Yokeresh
Ogohlantirishlar: Joelinton, 83. Bern, 88 – Kalafiori, 56

APLning 6-turi markaziy uchrashuvi «Nyukasl» va «Arsenal» o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Mehmonlar o‘yinni kuchli boshlashdi va ko‘plab golli vaziyatlarga ega bo‘lishdi, ammo «kanonirlar»ga omad kulib boqmadi. Avvaliga videotakrordan keyin penalti bekor qilindi. Hakamlar xulosasiga ko‘ra, bu vaziyatda Poup birinchi bo‘lib to‘pga ulgurgani uchun Yokereshga ishlatgan qo‘polligi inobatga olinmadi.

Keyin Trossar o‘ta qulay vaziyatdan foydalana olmadi, namunali hujum yakunida uning zarbasi ustunga tegdi. Birgina Ezening o‘zi dastlabki 45 daqiqalikda raqiblarning darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan jami zarbalaridan ko‘proq zarba berdi (2 ga qarshi 3). Uning o‘ta xavfli zarbalarini mezbonlar darvozaboni Nik Poup qahramonlik ko‘rsatib qaytarib qoldi. Birinchi bo‘lim esa «qarg‘alar» foydasiga 1:0 ko‘rinishida yakunlandi.

Barchasi shu kuni boshlang‘ich tarkibda tushirilgan Moskera oddiy vaziyatda raqibga burchak to‘pi sovg‘a qilishi bilan boshlandi. Sandro Tonali avvaliga o‘ziga yaqin turgan Gordonga pas berdi va undan qaytgan to‘pni darvozabon hududiga oshirdi. U yerda 198 santimetrlik Voltemade barchadan baland sakrab, David Rayyaga imkon qoldirmadi. «Arsenal» futbolchilari e’tiroz bildirib, u sakrashdan oldin Gabrielga qo‘pollik ishlatganiga e’tibor qaratishdi. Ammo bu safar ham hakamlar mehmonlar zarariga qaror chiqardi. Tanaffusda Arteta Moskerani o‘yindan olib, Salibani tarkibga qaytardi.

Voqealarning bunday rivoji «Arsenal» uchun yomon signal edi, jamoa qatorasiga besh marta birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborgan o‘yinlarida g‘alaba qozona olmayotgandi. Ammo «kanonirlar»da bu mavsum zaxira o‘rindig‘idan tushgan o‘yinchilar o‘zgarish qilish an’anasi ham paydo bo‘lgan. Bu safar Arteta katta tavakkalchilikka qo‘l urib, himoya vakillari o‘rniga hujum vakillarini tushirdi. Kalafiori o‘rnini egallagan Merino Raysning uzatmasidan keyin boshda gol urib, hisobni tenglashtirdi. Tayanch yarimhimoyachisi o‘rniga tushgan Edegor esa o‘yinni butkul jonlantirdi va ikkinchi golga assistentlik qildi, 90+6-daqiqada u burchakdan oshirgan to‘pni Gabriel ham bosh bilan darvozaga yo‘lladi. Yomon ssenariyda peshqadam «Liverpul»dan sakkiz ochkoga ortda qolib ketishi mumkin bo‘lgan «Arsenal» amalda farqni ikki ochkogacha qisqartira oldi.