Jahon | 08:54 / 02.10.2025
2122
2 daqiqa o‘qiladi

G7 Ukrainada tinchlik o‘rnatish uchun Rossiyaga bosimni kuchaytirishga kelishib oldi

G7 mamlakatlari Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun o‘z yurisdiksiyalaridagi Rossiya aktivlarining «to‘liq qiymatidan foydalanish» imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda, deyiladi a’zo davlatlar moliya vazirlarining virtual uchrashuvi yakunlari bo‘yicha bayonotida.

Foto: Reuters

"Katta yettilik" davlatlari Kiyevga moliyaviy ehtiyojlarini qondirish uchun «keng ko‘lamli chora-tadbirlar» ishlab chiqmoqda. Bunday choralardan biri Ukrainadagi urushni tugatish va adolatli va mustahkam tinchlikni kafolatlash uchun G7 yurisdiksiyalarida muzlatilgan Rossiya aktivlarining «to‘liq qiymatidan foydalanish»dir. Bu haqda G7 moliya vazirlarining 1 oktyabr, chorshanba kuni videokonferensiya shaklida o‘tkazilgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha e’lon qilingan qo‘shma bayonotida aytildi. Tegishli chora-tadbirlar qonunchilik doirasida ko‘rilishi ta’kidlanmoqda.

Shu bilan birga, ishtirokchilar Moskva uchun muhim daromad manbai bo‘lgan neft eksporti bo‘yicha Rossiyaga bosimni «maksimal darajada kuchaytirish»ga kelishib oldi. «Biz Ukrainaga bostirib kirishdan keyin Rossiya neftini sotib olishni ko‘paytirishda davom etayotganlarni va sanksiyalarni chetlab o‘tishga yordam berganlarni nishonga olamiz», deb va’da berdi G7 moliya vazirlari.

Bundan tashqari, ular «Rossiyadan qolgan import hajmini, jumladan, uglevodorodlar importini bosqichma-bosqich yo‘q qilish maqsadida aniq chora-tadbirlar ko‘rishga» qaror qildi. «Shuningdek, biz Rossiyaning harbiy harakatlarini moliyalashtirishga yordam beradigan davlatlar va tashkilotlarga, jumladan, Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan neft mahsulotlariga qarshi chora-tadbirlarga nisbatan savdo choralari va boshqa cheklovlar qo‘llash imkoniyatini jiddiy ko‘rib chiqyapmiz», — deyiladi hujjatda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid