Ukraina Nikaragua bilan diplomatik aloqalarini bu davlat qo‘shib olingan Qrim, shuningdek, Ukrainaning Donetsk, Luxansk, Xerson va Zaporijjya viloyatlarini Rossiya hududi sifatida tan olganidan keyin uzmoqda. Bu haqda Ukraina tashqi ishlar vazirligining 2 oktyabr, payshanba kuni e’lon qilingan bayonotida aytiladi.
«Biz bu qarorni Managuaning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga putur yetkazishga urinishi, BMT nizomi hamda xalqaro huquqning asosiy me’yorlari va tamoyillarini qo‘pol ravishda buzish sifatida baholaymiz», — deya ta’kidladi Ukraina tashqi ishlar vazirligi.
«Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini qo‘llab-quvvatlash, Ukraina hududining bir qismini zo‘rlik bilan egallab olishni qonuniylashtirishga urinish, «DXR» va «LXR» deb atalmish hududlarni rasman tan olish, shuningdek, Qrim Avtonom Respublikasida Nikaraguaning noqonuniy «faxriy konsulligi»ni ochish Nikaraguaning tajovuzkor davlat bilan siyosiy o‘xshashligini va Managua qo‘g‘irchoq rejimining Moskvaga bevosita moliyaviy va siyosiy qaramligini namoyish etadi», — deya ta’kidladi Kiyev.











