AQSh va Ukraina «tarixiy» kelishuv tuzishga tayyorlanmoqda, uning doirasida Vashington Kiyevdan jangovar sharoitlarda sinovdan o‘tgan eng yangi dron texnologiyalarini xarid qiladi, deb xabar berdi The Wall Street Journal. Bu texnologiyalar uchun Ukraina royalti yoki boshqa shaklda kompensatsiya oladi, kelishuvning umumiy qiymati esa milliardlab dollarni tashkil etishi mumkin.

30 sentabr kuni Ukraina mudofaa vaziri o‘rinbosari Sergey Boyev boshchiligidagi yuqori martabali mulozimlardan iborat delegatsiya Pentagon va Davlat departamenti bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Vashingtonga keldi.

Muzokaralar qancha davom etishi noma’lum. Shaxsi sir tutilishini so‘ragan amerikalik rasmiyning ta’kidlashicha, yakuniy imzolash jarayoni bir necha oy davom etishi mumkin. The Telegraph nashri yozishicha, muzokaralar AQShdagi hukumat shatdauni tufayli ancha sekinlashishi mumkin, chunki ko‘plab davlat xizmatchilari majburiy ravishda ta’tilga chiqarilgan.

WSJ AQShda ham murakkab dronlar ishlab chiqarilishini eslatgan, shu bilan birga, Ukraina bunday qurilmalarni ommaviy ishlab chiqarishda ancha ilgarilab ketgani, ular har kuni haqiqiy jangovar sharoitlarda o‘z samaradorligini isbotlayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Ukrainada ishlab chiqarilgan dronlar arzon – ularning narxi G‘arb mamlakatlaridagi shunga o‘xshash apparatlar narxining atigi 20-30 foizini tashkil qiladi.

Muzokaralar jarayonidan xabardor manbalarning WSJ’ga ma’lum qilishicha, hozirda tomonlar texnologiyalarni o‘tkazishning bir nechta ehtimoliy mexanizmlarini o‘rganmoqda. Variantlar orasida Amerika kompaniyalariga royalti evaziga dron prototiplarini taqdim etish, ukrainlarning AQShda mustaqil ravishda dronlar ishlab chiqaradigan shu’ba korxonasini tashkil etishi yoki Vashingtonning o‘z harbiylari ehtiyojlari uchun Ukrainadan dronlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri sotib olishi ham bor.

Shuningdek, muzokaralar chog‘ida Ukraina dronlarida Xitoy butlovchi qismlaridan keng foydalanish muammosini hal qilish kerak bo‘ladi – Amerika kompaniyalari Xitoydan ehtiyot qismlar kerak bo‘lgan dronlarni ishlab chiqara olmaydi, chunki bu Vashington va Pekin o‘rtasidagi qarama-qarshilik sharoitida ta’minot zanjiri xavfsizligi talablariga zid keladi.

WSJ ta’kidlashicha, ehtimoliy kelishuv muhim siyosiy ahamiyatga ham ega, chunki Kiyev Donald Tramp bilan aloqalarni mustahkamlashga intilmoqda, u o‘zidan oldingi Jo Baydendan farqli o‘laroq, Ukrainani Rossiya bilan urushda qo‘llab-quvvatlamaydi.