Ertaga, 4 oktabr kuni Toshkent shahri Chilonzor tumani Bunyodkor shohko‘chasi 156/a-uyda joylashgan "Chilonzor buyum savdo kompleksi" AJda FVVning o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkaziladi. Bu haqda Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.

Xabarda aytilishicha, mashg‘ulotlar soat 14:00 dan 16:00 ga qadar bo‘lib o‘tadi.

O‘z navbatida, Favqulodda vaziyatlar vazirligi fuqarolar, bloger va ijtimoiy tarmoq administratorlaridan aholi orasida sarosima ko‘tarmaslik maqsadida, mazkur o‘quv mashqlarini o‘tkazish davridagi amaliy jarayonlarga oid materiallarni noto‘g‘ri talqin qilmaslik, balki mavjud ma’lumot va axborotlardan unumli hamda oqilona foydalanishni so‘ragan.

Avvalroq Toshkent shahridagi barcha o‘quvchilar va talabalar yotoqxonalarida maxsus-taktik o‘quv mashqlari o‘tkazilishi aytilgandi.