Jahon | 10:52 / 04.10.2025
1567
2 daqiqa o‘qiladi

Yerevanda yepiskop hokimiyatni egallab olishga chaqiriq ishi bo‘yicha qamaldi

Arman apostol cherkovining Shirak yeparxiyasi rahbari ikki yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Arxiyepiskop Mikael Ajapaxyan ayblovlarni uydirma deb atadi.

Foto: RIA Novosti

Yerevan sudi Arman apostol cherkovi arxiyepiskopi va Shirak yeparxiyasi rahbari Mikael Ajapaxyanni hokimiyatni tortib olishga chaqirishda ayblab, ikki yillik qamoq jazosiga hukm qildi, deb xabar berdi 3 oktyabr, juma kuni arman matbuoti. Prokuror ikki yarim yillik qamoq jazosini so‘ragan.

Ayblov xulosasida aytilishicha, ruhoniy va yeparxiya rahbari bo‘lgan arxiyepiskop Armaniston hukumati siyosatiga qo‘shilmay, hokimiyatni qo‘lga olishga ommaviy chaqirgan.

Ajapaxyan ayblovlarni rad etib, o‘ziga qo‘yilgan ish uydirma ekanini da’vo qildi. Uning advokatlari sud jarayonini siyosiy motivli deb atadi hamda sud qarori ustidan shikoyat qilishga va’da berdi.

Armaniston Bosh prokuraturasi 26 iyun kuni arxiyepiskopga nisbatan ommaviy axborot vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda hokimiyatni egallab olish va konstitutsiyaviy tuzumni zo‘ravonlik bilan ag‘darish uchun ommaviy chaqiriqlar bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi.

Ertasi kuni xavfsizlik kuchlari ruhoniyni hibsga olishga uringan, biroq ular va boshqa cherkov vakillari o‘rtasida to‘qnashuv boshlangan. Shundan so‘ng Ajapaxyan o‘zi Tergov qo‘mitasi keldi. U 28 iyun kuni hibsga olingan.

Ayni vaqtda xavfsizlik xizmatlari davlat to‘ntarishiga urinishda ayblangan nufuzli Tavush arxiyepiskopi Bagrat Galstanyanni ham hibsga oldi. Muxolifat hukumatning harakatlarini bosh vazir Nikol Pashinyan tanqidchilarining ovozini o‘chirishga urinish sifatida baholadi.

Mavzuga oid