Jahon | 10:18 / 08.10.2025
3825
2 daqiqa o‘qiladi

Tusk «ShO» portlatilishi haqida: ukrainalikni topshirish Polsha manfaatlariga mos kelmaydi

Polsha hukumatining pozitsiyasi shundan iboratki, «Shimoliy oqim» ishi bo‘yicha hibsga olingan shaxsni boshqa davlatga ekstraditsiya qilish Varshava manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, dedi Polsha bosh vaziri Donald Tusk.

Foto: Kacper Pempel / Reuters

«Shimoliy oqim» va «Shimoliy oqim 2» gaz quvurlari portlashlariga aloqadorlikda gumon qilinayotgan ukrainalikni boshqa davlatga ekstraditsiya qilish Polsha manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda 7 oktyabr, seshanba kuni Polsha bosh vaziri Donald Tusk bayonot berib, bu Polsha hukumatining pozitsiyasi ekanini ta’kidladi.

Bir kun avval, 6 oktyabrda Varshava sudi yuqorida tilga olingan Ukraina fuqarosining dastlabki hibsda saqlash muddatini 40 sutkaga, 9 noyabrga qadar uzaytirdi. OAV xabariga ko‘ra, bu chora gumonlanuvchini Germaniyaga ekstraditsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilingan paytda qo‘llangan. Ukrainalikning advokati Timoteush Parotskining so‘zlariga ko‘ra, prokuratura dastlab gumonlanuvchini hibsda saqlash muddatini 100 kunga uzaytirishni so‘ragan.

Germaniya bu shaxsni hibsga olish uchun Yevropa orderini berdi, unga ko‘ra u 30 sentabr kuni Varshava chekkasida Polsha politsiyasi tomonidan ushlangan edi.

6 oktyabr kuni Germaniyaning Tagesschau axborot dasturi o‘z veb-saytida Polsha sudi «yaqin haftalar ichida» Yevropa hibsga olish ordeni asosida ukrainalikni Germaniyaga ekstraditsiya qilish to‘g‘risida qaror qabul qilishi haqida xabar berdi.

Ukrainalikning himoyasi uning Germaniyaga ekstraditsiya qilinishiga qarshi. Advokatlarning pozitsiyasi shuki, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi fonida hibsga olish bo‘yicha Yevropa orderining ijrosiga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, deb ta’kidlaydi Tagesschau.

Mavzuga oid