Biznes | 12:04 / 09.10.2025
2659
3 daqiqa o‘qiladi

1979 yildan beri eng yuqorisi: 11 sentabr voqealaridan keyin ham oltin bunchalik qimmatlamagan – CNN

Oltin 46 yillik tarixida “eng yaxshi yil”ini o‘tkazmoqda, chunki 1979 yildan beri narx bu qadar oshmagan edi. Hattoki, 2001 yildagi 11 sentabr voqealari, 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi, pandemiya kabi notinch davrda ham oltin bunchalik qimmatlamagan. Xo‘sh, nimalar bunga sabab bo‘ldi?

Foto: REUTERS

Shu hafta oltinning bir unsiyasi 4 ming AQSh dollaridan oshdi. Wall Street’dagilar faol pul tikishmoqda, sarmoyadorlar odatda tinch va barqaror vaqtda emas, dunyo yonayotgan bir davrda oltinga pul tikishadi, deb yozdi CNN o‘z maqolasida.

Oltin uzoq davrdan beri inflatsiya va iqtisodiy tebranishlar davrida eng ishonchli sarmoya bo‘lib kelmoqda. Qimmatbaho metallar bo‘yicha 2025 yildagi narxlar tarixiy rekordni yangiladi. Oltinning narxi hattoki 2001 yildagi 11 sentabr terror voqealari, 2008 yildagi jahon moliyaviy inqirozi, 2019 yilgi pandemiya davrida ham bunchalik oshmagan edi.

Facset ma’lumotlariga ko‘ra, oltin bu yilning o‘zida 54 foizga qimmatladi, bu bilan 1979 yildan beri eng katta o‘sish bo‘ldi. O‘shanda AQSh ikki raqamli inflatsiya va to‘liq energiya inqirozi bilan kurashayotgan davr edi. Faqatgina bugungi oltinning farqi – u jadal rivojlanayotgan fond bozori bilan parallel kelmoqda.

Narx oshishi iqtisodiyotdagi bezovtalikni va so‘nggi to‘rt yarim yil ichida Federal rezervning 2 foiz ko‘rsatkichidan yuqori bo‘lgan inflatsiyaga oid tashvishlarni aks ettiradi. Qo‘shma Shtatlar tariflarni Buyuk depressiyadan beri eng yuqori darajaga ko‘tardi va Yaponiyaning yangi bosh vaziri past foiz stavkalari va yuqori qarz olishni ma’qulladi.

Oltin shu oyning o‘zida 5 foizga oshdi, chunki AQSh hukumatining yopilishi investorlar va Federal rezerv yirik iqtisodiy hisobotlarini izdan chiqarib, iqtisodiyotning ahvolini noma’lum darajada qoldirmoqda, deyiladi CNN maqolasida.

Bunday vaziyatda esa investorlar hammasi bir narsaga pul tikmoqda: oltinga.

"Global chidamlilik hali to‘liq sinovdan o‘tkazilmagan. Sinov kelishi mumkin bo‘lgan xavotirli belgilar mavjud”, deydi XVJ ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva.

Oltinning narxi oshishiga yana bir sabab esa – AQSh dollarining qadrsizlanish bo‘yicha “eng qora yili” davom etayotganida, ya’ni dollar qadri tushib bormoqda. Dollarning zaifligi esa investorlarni dollarning uzoq vaqt davomida global xavfsiz boshpana sifatidagi maqomini shubha ostiga qo‘ymoqda. Dunyo bo‘ylab Markaziy banklar ham oltinni yig‘yapti.

Goldman Sachs bu hafta mijozlariga oltin keyingi yil oxirigacha 4900 dollarga yetishi mumkinligini aytdi. O‘tgan saylovlarda Trampni qo‘llab-quvvatlagan milliarder Ken Griffinning aytishicha, bu hafta investorlar oltinni AQSh dollaridan ko‘ra xavfsizroq sarmoya deb bilishi – “haqiqatdan ham tashvishli”.

Mavzuga oid