O‘zbekiston | 14:32 / 13.01.2026
2346
2 daqiqa o‘qiladi

Yangiobod va Chorkesarda yerlarni tiklash ishlari yakuniy bosqichga o‘tadi

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Markaziy Osiyodagi uran merosi obektlarini ekologik tiklash ishlarini 2030 yilgacha belgilab beruvchi yangilangan strategik bosh reja (2025–2030)ni e’lon qildi. Hujjat ilk bor Toshkentda o‘tgan Uran merosi obektlari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh (CGULS) yig‘ilishida taqdim etilgan.

Foto: Kun.uz 

Ma’lum qilinishicha, yangilangan rejada O‘zbekistondagi Yangiobod va Chorkesar hududlarida yerlarni tiklash ishlarining yakuniy bosqichiga o‘tish belgilangan.

AEXA ta’kidlaganidek, 2015 yilda xalqaro formatda boshlangan tashabbus o‘tgan asr o‘rtalaridan qolgan uran qazib olish merosining oqibatlarini bartaraf etishga qaratilgan. Yangi strategiya esa faqat chiqindilarni izolyatsiya qilish bilan cheklanmasdan, yuqori texnologik yechimlarni ham qamrab oladi: jumladan, sun’iy yo‘ldosh orqali monitoring, obektlarning uzoq muddatli xavfsizligi uchun raqamli modellar yaratish kabi yo‘nalishlar nazarda tutilgan.

Hujjatda asosiy maqsadlardan biri sifatida tiklangan yerlarni xo‘jalik aylanmasiga qaytarish hamda Farg‘ona vodiysidagi transchegaraviy daryolar uchun ehtimoliy radioaktiv ifloslanish xavfini kamaytirish masalalari ham qayd etilgan.

Shu bilan birga, xalqaro manbalarda keltirilishicha, strategik reja Markaziy Osiyodagi eng ustuvor deb belgilangan 7 ta uran merosi nuqtasi bo‘yicha keyingi ishlarini muvofiqlashtiradi (Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekistondagi obektlar). Unda monitoring, texnik xizmat ko‘rsatish, hujjatlashtirish va manfaatdor tomonlar bilan uzluksiz muloqotni kuchaytirishga alohida urg‘u berilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, dastur CGULS tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi va xalqaro donorlik mexanizmlari orqali moliyalashtiriladi; O‘zbekiston hukumati, AEXA hamda xalqaro hamkorlar ishtirokida obektlarni tiklash ishlari “postindustrial hududlarni qayta tiklash”ning namunaviy modeliga aylanishi kutilmoqda.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid