Bank kartalari blokirovkasi – turli sabablar bilan uchrab turadigan, har kim bilan ro‘y berishi mumkin bo‘lgan holat. Shu sabab to‘g‘ri yechimlarni bilib qo‘yish foydadan xoli emas.

Bloklash – bu karta orqali to‘lovlarni amalga oshirishga taqiq qo‘yishdir. Ya’ni siz kartadan foydalana olmay qolasiz. To‘lov qilish, pul o‘tkazish va o‘tkazmalarni qabul qilish yoki naqd pul yechish imkonsiz bo‘lib qoladi.

Foto: Unsplash

Qanday holatlarda bank kartalari bloklanadi?

Bank kartani mijozning talabi yoki o‘z tashabbusi bilan bloklashi mumkin, buning asosiy sababi – mijoz pullarini havfsizligini ta’minlash hisoblanadi. Jumladan:

  • mijoz o‘z hohishi bilan onlayn tarzda, bankka telefon qilgan holda yoki bankka kelgan holda kartani bloklashni so‘raganda;
  • mijoz tomonidan bank kartasi yo‘qolgani yoki o‘g‘irlangani to‘g‘risida og‘zaki yoki yozma murojaat qilinganda;
  • kartaning PIN kodi 3 marta noto‘g‘ri terilganda;
  • mijozlar tomonidan shubhali bitimlar aniqlangan taqdirda;
  • karta ma’lumotlari sizib chiqqanda (ya’ni 3 shaxsga mijozning shaxsiy ma’lumotlari yetgan holatda);
  • huquqni muhofaza qiluvchi organlar va majburiy ijro byurosining bankka murojaatlari bilan.

Agar mijozning bank kartasida kun davomida 50 mln so‘mdan ortiq kirim yoki chiqim bo‘lsa, bank uni ehtimoliy firibgarlik belgisi deb hisoblaydi va ma’lum amaliyotlarni cheklaydi. Ko‘p mijozlar bunday cheklovni “kartani bloklash” deb o‘ylaydi, lekin bu – xato. 24 soat ichida mijoz kartasidagi limit cheklovi avtomatik tarzda olib tashlanadi.

“Kartangiz bloklangan” xabari kelsa, nima qilish kerak?

Bu holatda xabarni yuborgan haqiqiy bank ham, firibgar ham bo‘lishi mumkin. Shuning uchun:

  • SMSdagi raqamga hech qachon qo‘ng‘iroq qilmang, yuborilgan havolaga ham kirmang.
  • Bank xodimi sizdan faqat shaxsiy ma’lumotlaringiz va kartaning oxirgi 4 ta raqamini so‘rashi mumkin. Agar sizdan kartaning to‘liq raqamini yoki SMS kodni so‘rashsa – bu aniq firibgarlar!
  • Ko‘p hollarda banklar mijozga o‘zlari qo‘ng‘iroq qilmaydi. Shunday vaziyatda siz bankning rasmiy saytiga kirib, ishonch telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz talab etiladi.