Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Melaniya Tramp: Putin ukrainalik bolalar haqidagi maktubga javob berdi
Melaniya Tramp Putin bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan so‘ng sakkiz nafar bola o‘z oilasiga qaytganini ma’lum qildi. Bular urush paytida Rossiyada bo‘lgan yetti ukrainalik bola va Ukrainada bo‘lgan rossiyalik bir qiz.
Foto: REUTERS
AQSh prezidenti Donald Trampning rafiqasi Melaniya Tramp 10 oktyabr, juma kuni o‘z vakillari va Rossiya prezidenti Vladimir Putin o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng so‘nggi 24 soat ichida yetti ukrainalik bola va rossiyalik bir qiz oilasiga qaytarilganini ma’lum qildi. Uning bayonoti aks etgan video Oq uyning YouTube kanalida chop etildi.
Melaniyaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya tomoni bilan aloqa turmush o‘rtog‘i avgust oyida Alyaskada bo‘lib o‘tgan ikki davlat prezidentlarining uchrashuvida uning o‘g‘irlangan bolalar haqida yozgan maktubini Rossiya rahbariga topshirganidan so‘ng o‘rnatilgan. Maktubda AQSh birinchi xonimi, shuningdek, Putinni Ukrainadagi urushni ham o‘sha davlat, ham Rossiyaning o‘zida bolalar farovonligi uchun to‘xtatishga chaqirgan.
«U yozma ravishda javob berdi, shuningdek, men bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqot qilish va Rossiyadagi ukrainalik bolalar haqida ma’lumot almashishga tayyorligini bildirdi», dedi Melaniya. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘shandan beri u va Putin «ochiq muloqot kanali»ni o‘rnatgan.
So‘nggi uch oy ichida Melaniya jamoasi bolalarni Ukraina va Rossiyaga qaytarish masalasida Rossiya tomoni bilan bir necha bor uchrashib, qo‘ng‘iroqlashgan. Tramp rafiqasiga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasi birlashish jarayonida ishtirok etgan barcha bolalarning tarjimayi holi va fotosuratlarini, shuningdek, ukrainalik bolalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy, tibbiy va psixologik xizmatlar ro‘yxatini taqdim etgan.
Melaniyaning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya bu borada «obektiv va batafsil ma’lumot berishga tayyorligini ko‘rsatmoqda» va Rossiya tomonining bolalarga oid ma’lumotlari AQSh hukumati tomonidan tasdiqlangan. Tekshiruv hisobotini tayyorlashda Ukraina parlamentining Inson huquqlari bo‘yicha vakili va prezidentning bolalar huquqlari bo‘yicha vakili idorasi ham ishtirok etdi, dedi Tramp.
AQShning birinchi xonimi, shuningdek, Rossiya urush oqibatida ko‘chirilgan 18 yoshga to‘lmagan, ammo voyaga yetgan va hali ham Rossiyada bo‘lgan Ukraina fuqarolarini zudlik bilan vataniga qaytishini ta’minlashga rozi bo‘lganini ta’kidladi. «Yaqin kelajakda bolalarning yangi guruhlarini birlashtirish uchun hozirdanoq tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Tinchlik imkon qadar tezroq kelishiga umid qilaman», — deya qo‘shimcha qildi Melaniya.