Jahon | 16:06 / 12.10.2025
6066
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp va Zelenskiy Ukrainaga «Tomagavk» raketalarini berishni muhokama qildi

Foto: Getty Images

AQSh va Ukraina prezidentlari Donald Tramp va Volodimir Zelenskiy 11 oktyabr kuni telefon orqali muloqot qildi. Axios’ning ikki manbasi ushbu muloqotda Amerikaning uzoq masofaga uchuvchi «Tomagavk» rusumli qanotli raketalarini Ukrainaga yetkazib berish masalasi muhokama qilinganini aytdi. Nashr manbalari bu borada qandaydir yakuniy qaror qabul qilinganmi yoki yo‘qligi haqida ma’lumot bermagan.

Zelenskiyning o‘zi telegram-kanalida Tramp bilan «suhbat juda samarali» bo‘lganini yozgan. «Havo hujumidan mudofaamizni kuchaytirish imkoniyatlari va bu borada tayyorlayotgan kelishuvlarimizni muhokama qildik. Bizni haqiqatan ham kuchaytirish uchun yaxshi variantlar, kuchli g‘oyalar bor», – dedi Ukraina prezidenti.

Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, u Trampni Yaqin Sharq uchun tinchlik rejasini amalga oshirish jarayoni boshlangani bilan ham tabriklagan. Bu «katta yutuq» va «kuchli natija», deya ta’kidlagan Ukraina prezidenti. «Va agar o‘sha mintaqadagi urushni to‘xtatish mumkin bo‘lgan bo‘lsa, aniqki, boshqa urushlar, jumladan, Rossiya olib borayotgan urushni ham to‘xtatish mumkin», – deya qo‘shimcha qildi Zelenskiy.

Avvalroq AQSh rasmiylari Ukrainaga uchish masofasi 2400 kilometrdan ortiq bo‘lgan «Tomagavk» raketalarini berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qilgandi.

6 oktyabr kuni Tramp «qandaydir ma’noda» Ukrainaga uzoq masofaga uchuvchi «Tomagavk» qanotli raketalarini yetkazib berish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytdi. U gap qanday qaror haqida ketayotganiga, Kiyev bu raketalarni olish-olmasligiga aniqlik kiritmadi.

Rossiyadagilar «Tomagavk» raketalarining ehtimoliy yetkazib berilishi eskalatsiya keltirib chiqarishidan ogohlantirgan. Vladimir Putin bunday qurollarni yetkazib berish Moskva va Vashington munosabatlarini «buzishi»ni aytgan.

Mavzuga oid