Misrda Tramp boshchiligida bir qator davlat rahbarlari G‘azoda tinchlik o‘rnatish bitimini imzolashdi. So‘nggi ikki yilda bo‘lgadagi urush harbiy to‘qnashuvdan ko‘ra ko‘proq siyosiy va mafkuraviy tus oldi. Dastlab Netanyahuning maqsadi Hamasni yo‘q qilish va asirlarni ozod etish bo‘lgan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan bu strategiya o‘zgarib, G‘azoni to‘liq nazorat ostiga olish, aholini ko‘chirish va hududni o‘zlashtirishga qaratildi. Natijada mojaro etnik tozalash tusini olib, mintaqaviy siyosatni tubdan o‘zgartirdi. Kun.uz’ning “Geosiyosat” dasturida sohaning yetakchi mutaxassislari G‘azodagi urush yakunlarini muhokama qilishdi.

Netanyahu G‘azo urushi oldidan e’lon qilgan maqsadlariga qanchalik erishdi?

Kamoliddin Rabbimov: Agar so‘nggi ikki yildagi mojaro va uning ijtimoiy-siyosiy oqibatlarini sotsiologik nuqtayi nazardan tahlil qilsak, bu voqea to‘laqonli urush sifatida tavsiflanmaydi. To‘laqonli urush bu ikki tomonning ham keng ko‘lamli va qarama-qarshi harbiy harakatlari, ham bir-biriga teng darajada qarshi turishidir. G‘azo misolida esa vaziyat boshqa: bir tomon Isroil, ancha ustunlikka ega bo‘lib, boshqa tomonni qamal qiladi va kuch bilan siqib chiqaradi. Boshlanishda Isroilning asosiy maqsadi Hamasni zaiflashtirish va uning harbiy salohiyatini kamaytirish edi. Dastlabki yil davomida nishon asosan Hamasga qaratildi. Keyinchalik esa strategiya o‘zgarib, G‘azoni nazorat ostiga olish, aholini ko‘chirish va hududni o‘zlashtirishga qaratilgan siyosiy intilishlar ko‘rinishida namoyon bo‘ldi. Netanyahuning ba’zi bayonotlari va ommaviy chiqishlari Falastin davlatiga imkon bermaslik, G‘azoni hamda G‘arbiy Sohilni qayta tashkil etish niyatlari mavjudligidan dalolat berdi. Natijada bu harakatlarni etnik tozalash xarakteriga ega deb baholash mumkin. Isroilning blokada, bombardimon va zo‘ravonlik mexanizmlari aholini siqib chiqarish va hududiy nazoratni mustahkamlash imkonini berdi. Hamas jismoniy jihatdan katta zarar ko‘rdi va boshqaruv tizimi zaiflashdi, ammo uning mafkurasi va qarshi kurash ruhiyati butunlay yo‘q bo‘lmaydi. Hatto yetishmasa ham, yangi qarshilik guruhlari paydo bo‘lish ehtimoli yuqori. Asirlar masalasi konflikt siyosatida markaziy ahamiyatga ega bo‘lib, bu mavzu orqali har ikki tomon o‘z strategik va propagandaviy maqsadlarini ilgari suradi. Bir tomondan, Hamas asirlarni shartlar qo‘yish uchun ishlatishga urindi, boshqa tomondan, Isroil ba’zi holatlarda asirlarni ozod qilishni siyosiy ustunlikni davom ettirish bilan almashtirdi, natijada asirlar muammosi siyosiy manipulyatsiya va murosa vositasiga aylandi. Xulosa qilib aytganda G‘azodagi vaziyat to‘laqonli urush talqini bilan mutanosib emas, bu asosan bir tomonning ustunligi ostida kechgan genotsid, lekin kuchli siyosiy va hududiy oqibatlarga ega bo‘lgan zo‘ravonlik amaliyotidir. Ushbu jarayon natijasida hududiy tuzilma, aholi hayoti va mintaqaviy siyosat uzoq muddatli o‘zgarishlarga duchor bo‘ladi. Xulosa qilib aytganda Netanyahuning asosiy maqsadi bu G‘azoda etnik tozalash edi.