Ta’lim | 20:56 / 14.10.2025
11129
4 daqiqa o‘qiladi

So‘rovnoma: Maktablarda telefonni taqiqlash kerakmi?

Ko‘plab davlatlar maktab o‘quvchilarining smartfon va planshetlardan foydalanishini taqiqlayapti. O‘quvchilarning smartfon ishlatishi – ta’lim samaradorligi tushishiga va hatto ruhiy buzilishlarga ham olib kelishi mumkin deb hisoblanmoqda. Xo‘sh, O‘zbekiston maktablarida ham shunday taqiq qo‘llash kerakmi? Kun.uz muxbiri bu borada Toshkent shahridagi o‘qituvchi va o‘quvchilarning, shuningdek, ota-onalarning fikri bilan qiziqdi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Xorij tajribasiga qaralsa, o‘nlab davlatlar maktabda telefon ishlatishni taqiqlab qo‘ygan va bu amaliyotni davom ettiryapti. Kun.uz muxbiri bilan suhbatlashgan respondentlarning ko‘pchiligi dars vaqtida telefonni taqiqlash kerakligini bildirdi. Ayniqsa, o‘qituvchilar telefondan foydalanadigan o‘quvchilar darsdan chalg‘ishi, dars vaqtida ijtimoiy tarmoqlarga kirayotganini aytishdi.

«Taqiqlash kerak deb o‘ylayman. O‘zim o‘qituvchiman, ona sifatida ham ayta olaman. Chunki o‘zimni o‘g‘lim ham dars paytida ijtimoiy tarmoqlarda o‘tirganini ko‘raman», – deydi ulardan biri.

Bolalarga smartfondan to‘g‘ri foydalanishni o‘rgatish kerakligini aytgan o‘qituvchilar ham bor.

«Agar yoshlar dars paytida telefondan to‘g‘ri foydalana olishsa, bu darsni yaxshi o‘zlashtirishiga yoki ko‘proq ma’lumot olishiga yordam beradi. Agar darsdan chalg‘ituvchi maqsad sifatida xizmat qilsa, bu darsga xalaqit beradi», – deydi ulardan biri.

Ba’zi o‘qituvchilar esa dars paytida telefon ishlatish o‘qituvchining ham diqqati bo‘linishiga olib kelayotganini aytadi.

«Ota-ona uyi maktabga uzoq bo‘lsa, farzandining qo‘liga telefon berib qo‘yishi mumkin. Hozirgi paytda uyi yaqinlari ham telefon berib qo‘ygan. Bu noto‘g‘ri deb o‘ylayman. Darsga ta’sir qiladimi desangiz, masalan, o‘qituvchi telefonlarni yig‘ib olaman degan paytda menga onam telefon qilishi kerak, xavotir oladi deb aytib, telefonni bermaslikka harakat qiladi. Telefon jiringlab qolishi bor. O‘quvchi xohlasa-xohlamasa fikri telefonga ketadi», – deydi o‘qituvchi.

O‘quvchilarning ham ayrimlari telefonni taqiqlash kerakligini aytdi, boshqalari ba’zi cheklovlar kifoyaligini bildirdi. Yoshi katta respondentlar esa maktab o‘quvchilarning telefon ishlatishi – ularning xulq-atvoriga ta’sir qilayotganini bildirdi.

Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi matbuot xizmatiga ko‘ra, maktablarda mobil telefondan foydalanish tartibi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 21 maydagi 139-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solinadi. Unga ko‘ra, maktabga kirib kelishda har bir o‘quvchi, xodim va boshqa shaxslar o‘z telefoni ovozini to‘liq o‘chirib qo‘yishi lozim bo‘ladi. Shu bilan birga, o‘quvchilar maktab binosiga kirish zali yoki sinf xonalariga mobil telefonlarini saqlash uchun quti (javon)larga qo‘yishi kerak. Biroq bu talablarga hamma maktablarda ham amal qilinmaydi.

Mavzuga oid