AQSh prezidenti Donald Tramp yiliga 400 ming dollar maosh oladi. Bu Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kukning maoshidan 186 barobarga kam. Turkiya yetakchisi Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning oyligi va pensiyasini qo‘shgandagi daromadi 411 ming 800 lira. Eng ko‘p maosh oladigan davlat rahbarlari reytingida birinchi o‘rinni Singapur bosh vaziri Lourens Vong egallaydi. Uning yillik daromadi 1,69 mln dollar.
Prezidentlar nimadan tirikchilik qiladi, deb o‘ylaydiganlar oramizda topilsa kerak. Ular ham el qatori maosh oladi. Davlat rahbarlarining daromadi qonun yoki maxsus qarorlar bilan belgilanadi va mamlakatga qarab farqlanadi. Maoshdan tashqari, prezidentlar ko‘pincha davlat tomonidan moliyalashtiriladigan imtiyozlarga ham ega bo‘ladi. Xususan, yashash joyi, transport, xavfsizlik va tibbiy xizmatlardan ham tekin foydalanishadi. Kun.uz ochiq manbalar asosida bir qator mamlakat rahbarlarining daromadi haqidagi ma’lumotlarni keltirib o‘tadi.
Tramp qancha maosh oladi?
AQSh prezidenti Donald Tramp yiliga 400 ming dollar ishlab topadi, bu amaldagi prezidentlar uchun odatiy ko‘rsatkich. Umumiy maoshga 50 ming dollarlik «xarajat nafaqasi», 100 ming dollarlik sayohat va 19 ming dollarlik dam olish xarajatlari kirmaydi. Prezidentlarning maoshi AQSh tarixida bor-yo‘g‘i besh marta oshirilgan. Eng so‘nggisi Bill Klinton davrida sodir bo‘lgan va Jorj Bush davridan amaliyotga tatbiq qilingan. O‘sha vaqtdan beri Amerika prezidentlari standart – yillik 400 ming dollardan maosh olishadi va ularning oyliklari inflatsiyaga indeksatsiya qilinmaydi. Taqqoslash uchun, Apple kompaniyasi bosh direktori Tim Kukning 2024 yildagi maoshi Trampnikidan 186 barobarga ko‘proq – 74,6 mln dollar.
Kanada bosh vaziri Mark Karnining yillik daromadi qariyb 289 ming dollarni tashkil etadi








