AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtondagi qarorgohi Oq uyda yangi tantanalar zalini qurish maqsadida rekonstruksiya ishlarini boshladi, deb xabar berdi BBC.
20 oktabr kuni quruvchilar sharqiy qanotdagi yopiq eshik va derazalarning katta qismini buzdi, Tramp so‘zlariga ko‘ra, u «to‘liq modernizatsiya qilinadi».
AQSh prezidenti ijtimoiy tarmoqdagi postida zal «juda kerakli» ekanini ta’kidladi.
«150 yildan ortiq vaqt davomida har bir prezident Oq uydagi katta ziyofatlar, davlat tashriflari va boshqalar uchun odamlarni qabul qilish mumkin bo‘lgan bal zalini orzu qilgan», deb yozdi u.

BBC/Bernd Debusmann Jr
Avvalroq prezident Oq uydagi 250 mln dollarlik bal zali mavjud bino bilan «yonma-yon» joylashishini, biroq uni o‘zgartirmasligini aytgandi.
«U mavjud binoga xalaqit bermaydi. Uning yonida bo‘ladi, lekin unga tegmaydi va [loyihada] men juda yaxshi ko‘radigan mavjud bino hurmat qilinadi. Bu mening sevimli joyim. Men uni juda yaxshi ko‘raman», dedi Tramp iyun oyida.
Prezident so‘zlariga ko‘ra, loyiha «ko‘plab saxiy vatanparvarlar» mablag‘lari hisobidan amalga oshirilmoqda. Bu vatanparvarlar kimlar ekani hozircha noma’lum, Oq uy loyihaning ehtimoliy homiylari nomini oshkor qilmagan.
Bahsli rekonstruksiya
Oq uy tarixan ikki asr davomida AQSh prezidentlari qarorgohi bo‘lib kelmoqda. Sharqiy qanot 1902 yilda qurilgan va binodagi so‘nggi sezilarli tashqi o‘zgarishlar 1942 yilda amalga oshirilgan.
Garchi Oq uy va uning atrofidagi bog‘lar Milliy bog‘lar xizmati (NPS) tasarrufida bo‘lsa-da, prezidentda ta’mirlash ishlarini amalga oshirish bo‘yicha ancha keng vakolatlar mavjud.
NPS sobiq bosh tarixchisi Robert K. Sattonning aytishicha, Oq uy ta’mirlanayotganda, bu har doim jamoatchilikni tashvishga soladi.
«Oq uy qurilganidan beri u bilan bog‘liq deyarli hamma narsa bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda», dedi u.
















