Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Chelyabinsk yaqinidagi zavodda portlash: kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi
Chelyabinsk viloyatining Kopeysk shahridagi korxonalardan birida ro‘y bergan portlash natijasida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘ldi, besh kishi yaralandi, deb xabar berdi gubernator. U «dron zarba bergan» degan versiya tasdiqlanmaganini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, zavod qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ishlab chiqaradi.
Foto: Telegram / exilenova_plus
Chorshanbaga o‘tar kechasi, 23 oktyabr kuni Kopeysk shahridagi «korxonalaridan biri»da sodir bo‘lgan portlash natijasida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani va besh kishi yaralangani haqida Chelyabinsk viloyati gubernatori Aleksey Teksler o‘zining Telegram-kanalida xabar qildi. «Hozircha 9 kishining halok bo‘lgani tasdiqlandi. Besh kishi jarohat olgan, shifokorlarimiz ularning ahvolini barqarorlashtirish uchun bor imkoniyatini ishga solmoqda. Bedarak yo‘qolganlar bo‘yicha ma’lumotni aniqlashtiryapmiz», — deyiladi uning xabarida.
Hudud rahbari korxonada portlash sodir bo‘lgani haqidagi ilk xabarni o‘tgan kuni kechqurun bergan edi. «Hozirgi vaqtda dron kelib zarba bergani versiyasi tasdiqlanmagan», — degan u o‘zining birinchi xabarida, keyingi ma’lumotlarida ham korxona nomini ochiqlamadi va «dron zarba bergani» versiyasini na tasdiqladi, na rad etdi.
Guvohlarning aytishicha, portlash Kopeyskdagi «Plastmass» zavodi hududida sodir bo‘lgan, u yerda qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ishlab chiqariladi, deb yozadi Astra nashri. Mahalliy fuqarolardan biri uchta dron kelgani haqida gapirgan. Astra’ning ma’lum qilishicha, portlashdan keyin korxona hududida dron hujumi xavfi e’lon qilingan. Telegram’dagi «112» kanali ma’lumotiga ko‘ra, portlash paytida navbatchilikda 15 kishi bo‘lgan.
Ukrain OSINT-loyihasi Exilenova+ ham «Plastmass» zavodidagi yong‘inning videosini e’lon qildi. Loyiha xabarida: «Korxonaning profili va mahsulot xususiyati kecha ishdan chiqarilgan Bryansk viloyatidagi kimyo zavodini juda eslatadi. Ikkalasi ham Rossiya harbiy-sanoat kompleksi elementlari: portlovchi moddalar, o‘q-dorilar va Ukrainaga qarshi harbiy operatsiyalarni bevosita qo‘llab-quvvatlovchi texnologiyalar bilan ishlaydi», — deyilgan ma’lumotda.
Xabar e’lon qilingan vaqtda Ukraina Bosh shtabi ham, Rossiya Mudofaa vazirligi ham voqea bo‘yicha izoh bermadi.
O‘tgan haftada Bashqirdistonning ikkinchi yirik shahri — Sterlitamakda portlovchi moddalar ishlab chiqaradigan «Avangard» korxonasida sodir bo‘lgan portlash natijasida uch kishi halok bo‘ldi va besh kishi yaralandi, deb xabar bergan edi hudud rahbari Radiy Habirov 18 oktyabr kuni.
O‘shanda gubernator korxonaga dronlar hujumi qilingani haqidagi versiyalarni rad etgan. «Bu dron hujumi bo‘lgani haqida turli fikrlar aytildi. Yo‘q, portlash sodir bo‘ldi, uning sabablarini hozir kriminalistlar o‘rganmoqda», — dedi Habirov va «korxona mamlakat uchun nihoyatda zarur va talab yuqori bo‘lgan mahsulotni ishlab chiqarishni davom ettiradi», deb va’da berdi.
«Avangard» «Rostex» korporatsiyasi tarkibiga kiradi. U qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar ishlab chiqaradi, shuningdek, u yerda qurol-aslaha va harbiy texnikani utilizatsiya qilish ishlari amalga oshiriladi.
Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi 21 oktyabr kechqurun Bryansk kimyo zavodiga zarba berganini xabar qildi. «Qo‘shma — raketa va aviatsiya — hujumi doirasida havodan uchiriladigan Storm Shadow raketalari ham qo‘llandi, ular Rossiyaning havo mudofaa tizimini chetlab o‘tdi», — deyilgan UQK Bosh shtabi bayonotida.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Bryansk kimyo zavodi «tajovuzkor davlat harbiy-sanoat majmuasining muhim bo‘g‘ini» bo‘lib, unda porox, portlovchi moddalar va raketa yonilg‘isi komponentlari, «jumladan Ukraina hududida qo‘llanadigan o‘q-dorilar va raketalar» ishlab chiqariladi.
Mavzuga oid
09:50
Gulistondagi portlashdan so‘ng 3 kishi qamoqqa olindi
18:29 / 04.12.2025
Gulistondagi portlashda halok bo‘lganlar oilasiga 100 mln so‘mdan beriladi
21:40 / 03.12.2025
“Yong‘in payti oshxonada odam ko‘p edi” – Gulistondagi portlash joyidan reportaj
17:48 / 03.12.2025