Fransiyaning sobiq prezidenti, mamlakatni 2007–2012 yillarda boshqargan Nikolya Sarkozi qamaldi. Shu tariqa u Yevropa Ittifoqi mamlakatlari yetakchilari orasida hibsxonaga tushgan birinchi shaxs bo‘ldi. Nikolyaga qanday ayb qo‘yildi va nima uchun uni qamashdi?

«Liviya ishi»

Bundan bir oy avval, 25 sentabr kuni Parij sudi Sarkozini 2007 yilgi saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish ishi bo‘yicha jinoiy til biriktirganlikda aybdor deb topdi.

Tergov versiyasiga ko‘ra, 2005 yilda o‘sha paytda ichki ishlar vaziri lavozimida ishlagan Sarkozi va Liviya prezidenti Qazzofiy o‘rtasida «korrupsion kelishuv» tuzilgan. Sarkozining saylovoldi shtabi kampaniyani xorijdan moliyalashtirishga qo‘yilgan taqiqni buzgan holda 50 million yevro olgan va bunga javoban fransuz siyosatchisi Qazzofiyga jahon arenasidan chetlatilishini to‘xtatishda yordam berishi kerak edi. O‘shanda Sarkozi saylovda g‘alaba qozonib, Fransiya prezidentiga aylangan.

Sudya hukmni e’lon qilarkan, Sarkozi o‘z yordamchilariga mablag‘ olish uchun Qazzofiy bilan bog‘lanishga ruxsat bergani haqidagi ma’lumotni keltirdi. Biroq, sud Nikolya kampaniyani noqonuniy moliyalashtirishdan foyda ko‘rgani haqida yetarli dalil topa olmagan. Fransiya qonunlariga ko‘ra, agar poraxo‘rlik sxemasi amalga oshmagan bo‘lsa ham, u jinoyat sifatida baholanadi.

Natijada Sarkozi 100 ming yevro jarima va besh yilllik qamoq jazosiga hukm qilindi. Uning ikki nafar sobiq yordamchisi ham sudlandi — ulardan biri olti yilga, ikkinchisi esa ikki yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Ish bo‘yicha tergov 2013 yilda, Muammar Qazzofiyning o‘g‘li Saif al-Islom Sarkozini otasining pullaridan saylov kampaniyasini moliyalashtirish uchun foydalanganlikda ayblaganidan ikki yil o‘tib boshlangandi.

Ayblov qisman ko‘p yillar davomida Fransiya va Yaqin Sharq davlatlari o‘rtasida vositachi rolini o‘ynagan franko-livanlik tadbirkor Ziyod Takieddinning ko‘rsatmalariga asoslangan .

Ishda Sarkozining o‘zidan tashqari yana 11 nafar ayblanuvchi ishtirok etyapti: ularning ba’zilari aybdor deb topilgan, boshqalari esa oqlangan.

O‘z navbatida Sarkozi yana uchta band – saylov kampaniyasini noqonuniy moliyalashtirish, Liviya davlati mablag‘larini suiiste’mol qilish va korrupsion sxemadagi passiv ishtirok ishlari bo‘yicha oqlangan.