Jahon | 17:56 / 26.10.2025
10204
4 daqiqa o‘qiladi

Rossiya qatorasiga ikkinchi tunda Kiyevni o‘qqa tutdi

Rossiya ketma-ket ikkinchi kecha Kiyevga zarbalar berdi, Ukraina poytaxtida uch kishi halok bo‘ldi va 30 dan ortiq kishi yaralandi. O‘z navbatida, ukrainlarning zarbalari oqibatida Belgorod shahri va Belgorod oblasti hududlarida 16 kishi jarohatlangan.

Foto: Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA

Kiyev ketma-ket ikkinchi kecha Rossiya tomonidan hujumga uchradi. Ukraina poytaxtining Desnyanskiy rayonidagi to‘qqiz qavatli uyning ikkinchi qavatida dron parchalari tushishi oqibatida yong‘in kelib chiqqan. Uch kishi halok bo‘lgan. Ukraina IIV rahbari Igor Klimenko bergan ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlarning ikki nafari – 19 yoshli qiz va uning 46 yoshli onasi, uchinchisining shaxsi hali aniqlanmagan.

Yana 32 kishi jabrlangan, ulardan yetti nafari kasalxonaga yotqizilgan. Ular orasida ikki nafar bola ham bor, deya aniqlik kiritdi Kiyev meri Vitaliy Klichko. Uning so‘zlariga ko‘ra, jabrlangan bolalarning eng kichigi to‘rt yoshda.

Rossiya dronidan shikastlangan ko‘p qavatli uy hovlisi, 2025 yil 26 oktyabr
Andriy Zhyhaylo / Oboz.ua / Global Images Ukraine / Getty Images

Kiyevning Obolonskiy rayonida ham dron bo‘laklari 16 qavatli turar joy binosiga qulagan. U yerda jabrlanganlar haqida xabar berilmagan.

Kiyevda zarbadan shikastlangan kvartira, 2025 yil 26 oktyabr
Genya Savilov / AFP / Scanpix / LETA
Rossiya zarbasidan shikastlangan uy hovlisidagi keksa yoshli ayol, 2025 yil 26 oktyabr
Andrii Khodkov / Apostrophe / Global Images Ukraine / Getty Images

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlari Rossiya Ukrainaga 101 ta zarbdor dron uchirganini, ulardan 60 ga yaqini Shaheed rusumli apparatlar, qolganlari «Gerber» va dron-imitatorlar bo‘lganini ma’lum qildi. 90 ta dron urib tushirilgan yoki yo‘nalishdan og‘dirilgan.

Kiyevda Rossiya zarbasi kelib tushgan joyda tozalash ishlari, 2025 yil 26 oktyabr
Vitalii Nosach / Global Images Ukraine / Getty Images
Kiyevda zarba oqibatida vayron bo‘lgan uy, 2025 yil 26 oktyabr

Bu hafta Ukraina poytaxtiga uch marta – 22 oktyabrga o‘tar kechasi raketa va dronlar bilan, shuningdek, 25 va 26 oktyabrga o‘tar kechasi faqat dronlar orqali hujum uyushtirildi. Ushbu hujumlar oqibatida tinch aholi vakillari orasida kamida yetti kishi halok bo‘ldi, yana o‘nlab kishilar jarohatlandi.

Volodimir Zelenskiy bugungi hujumga izoh berarkan, o‘tgan hafta davomida Rossiya Ukrainaga zarba berish uchun 1200 ga yaqin zarbdor dronlar, 1360 dan ortiq boshqariladigan aviatsiya bombalari va 50 dan ortiq turli raketalardan foydalanganini aytdi. «Rossiyaning har bir zarbasi oddiy hayotga imkon qadar ko‘proq zarar yetkazishga urinishdir. Bu hafta uy-joylarga, odamlarimizga, bolalarga, fuqarolik infratuzilmasiga zarbalar bo‘ldi. Bu rossiyaliklar uchun eng asosiy nishonlardir», – deb yozdi Zelenskiy.

Belgorod yaqinidagi posyolkada Ukraina zarbasi oqibatida 10 kishi yaralangan, shaharning o‘zida dron hujumi oqibatida yana uch kishi jarohatlangan

Belgoroddan taxminan 20 kilometr janubi-sharqda va Ukraina chegarasidan 30 kilometr masofada joylashgan Maslova Pristan qishlog‘ida Ukraina zarbasi oqibatida 10 kishi jarohat oldi, deb xabar berdi oblast rahbari Vyacheslav Gladkov. U zarba aynan qanday vosita bilan berilganini aniq aytmadi.

Shuningdek, Ukraina dronlari Belgorodga hujum qilishi oqibatida uch kishi yaralangan. Erkak va ayol tijorat obekti yaqinida oskolkali jarohatlar olgan, «Orlan» bo‘linmasi jangchisi esa dron hujumini qaytarish chog‘ida yaralangan, – deya aniqlik kiritdi Gladkov. Ikkita ko‘p qavatli turar joy binosidagi kvartiralarga zarar yetgan.

Grayvoron okrugining Dorogosh qishlog‘ida dron hujumi oqibatida yana uch kishi jabrlandi. Ular orasida 14 yoshli bola ham bor.

Mavzuga oid